Xitoyning "Mega Energy" kompaniyasi vakillari mahalliy kabel sanoati korxonalariga tashrif buyurdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston elektrotexnika sanoatida xalqaro hamkorlikni kengaytirish doirasida, Xitoyning "Mega Energy" kompaniyasi texnik direktori janob Wei Xing boshchiligidagi delegatsiya "O‘zeltexsanoat" uyushmasi mas’ullari hamrohligida “Uzkabel” va “Artikul Aziya Kabel” korxonalariga tashrif buyurdi.
Mazkur tashrif chog‘ida Xitoy kompaniyasi tomonidan O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan yirik energetika loyihasi – Sergeli tumani hududida quvvati 150 MW bo‘lgan BESS (Battery Energy Storage System) tizimini barpo etish loyihasi doirasida hamkorlik qilish masalalari muhokama qilindi.
Jumladan, loyiha ehtiyojlari uchun DC kabellar hamda 35 kV kuchlanishli elektr kabellarini yetkazib berish yuzasidan aniq takliflar ko‘rib chiqildi.
Tashrif davomida mehmonlar korxonalarining ishlab chiqarish jarayonlari, texnologik imkoniyatlari, mahsulot turlari va sifat nazorati tizimi bilan yaqindan tanishdi.
Mahalliy korxonalar tomonidan xalqaro standartlarga javob beruvchi mahsulotlarning mavjudligi xitoylik hamkorlarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Uchrashuvlar yakunida tomonlar o‘zaro manfaatli savdo-iqtisodiy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, xususan yuqoridagi loyiha uchun zarur bo‘lgan kabel-sim mahsulotlarini yetkazib berish bo‘yicha amaliy hamkorlik ustida ishlashga kelishib oldilar.
Mazkur tashrif ikki tomonlama savdo aloqalarini mustahkamlashda muhim qadamlardan biri bo‘lib, yurtimiz elektrotexnika sanoati salohiyatining xalqaro maydondagi ishonchli hamkor sifatida e’tirof etilayotganidan dalolat beradi.