Wildberries mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida “O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan” bo‘limini ishga tushirdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi bilan hamkorlikda eng yirik onlayn savdo platformalaridan biri bo‘lgan Wildberries o‘z katalogida “O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan” nomli maxsus bo‘limni ishga tushirdi. Ushbu bo‘lim O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan mahsulotlarga bag‘ishlangan.
Endilikda turli mamlakatlardan bo‘lgan xaridorlar O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan mahsulotlarni yanada oson topa oladilar — bunga platforma katalogidagi yangi vizual belgilar va alohida bo‘lim sabab bo‘lmoqda. Ushbu bo‘limda mahalliy ishlab chiqarilgan mahsulotlar — tekstil va kosmetik vositalardan tortib, uy-ro‘zg‘or buyumlari hamda oziq-ovqatgacha jamlangan. “O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan” belgisi xaridorlarga tezda yo‘naltirishga yordam beradi hamda kafolatlangan kelib chiqishga ega original mahsulotni tanlash imkonini beradi.
O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan” bo‘limiga kiritilishni istagan ishlab chiqaruvchilar maxsus tasdiqlash jarayonidan o‘tishlari lozim. Buning uchun ular O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligiga murojaat qilib, verifikatsiyadan o‘tishlari va tegishli tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etishlari kerak.
Mazkur tashabbus mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash, o‘zbek kompaniyalarining eksport imkoniyatlarini kengaytirish hamda milliy brendlarni xalqaro bozorlarida targ‘ib qilishga qaratilgan. Wildberries va ISSV o‘zaro hamkorlikda onlayn eksportni rivojlantirish va o‘zbek mahsulotlarining global raqamli platformalardagi mavqeini mustahkamlash yo‘lidagi ishlarni davom ettiradilar.