VII Toshkent xalqaro marafoni: yangi marshrut, rekordlar va butun dunyodan minglab ishtirokchilar
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 13-aprel kuni O‘zbekiston poytaxti yana yilning eng yirik va ilhomlantiruvchi sport tadbirlaridan biri - Markaziy Osiyodagi yugurish musobaqalari orasida haqli ravishda yetakchi o‘rinni egallagan VII Toshkent xalqaro marafoni markaziga aylandi. Bu yil marafonda dunyoning 52 davlatidan 11 500 ga yaqin ishtirokchi qatnashdi - bu marafon o‘tkazilishi tarixidagi mutlaq rekorddir.
"Yangi O‘zbekiston" bog‘i hududi bo‘ylab o‘tkazilgan yangilangan trassa 42 kilometr 195 metr klassik masofa, 21 kilometr 97,5 metr yarim marafon va 10 kilometr masofaga yugurishni tanlagan marafonchilar uchun arenaga aylandi.
An'anaviy ravishda yangi yuguruvchilarni o‘ziga jalb etadigan qisqaroq 3 kilometrlik masofa bog‘ ichida o‘tkazildi va katta marafon muhitini his qilishni istagan barcha ishtirokchilar uchun qulay maydonchaga aylandi.
Marafonning asosiy tamoyillaridan biri inklyuzivlik va imkoniyatlar tengligi bo‘lib qolmoqda. Tadbir doirasida nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun maxsus yugurish musobaqasi tashkil etildi, bu esa sportning chegaralar, xurofotlar va cheklovlarsiz maydon ekanligini yana bir bor tasdiqladi.
Bir kun avval, 12 aprel-kuni Magic City bog‘i 1 va 3 km masofaga Kids Run yugurish musobaqalari doirasida yosh ishtirokchilarni, shuningdek, 3 km masofaga maxsus yo‘nalishda skandinavcha yurish havaskorlarini kutib oldi.
Marafon O‘zbekiston Respublikasi Sport vazirligi, O‘zbekiston yengil atletika federatsiyasi, Markaziy Osiyo yugurish va yurish akademiyasi hamda Markaziy Osiyo yengil atletika assosiasiyasi tomonidan Davlat bojxona qo‘mitasining faol ko‘magida tashkil etildi. Marafonni tayyorlashda O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi, Mudofaa, Sog‘liqni saqlash, Ichki ishlar, Raqamli texnologiyalar, Favqulodda vaziyatlar vazirliklari, Milliy gvardiya, "O‘zbekneftgaz" AJ, Toshkent shahar hokimligi, Yengil atletika bo‘yicha Respublika oliy sport mahorati maktabi kabi o‘nlab tegishli idoralar ham ishtirok etdi.
Ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi Viktor Mahmudov, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Zulayho Mahkamova, O‘zbekiston MOQ raisining birinchi o‘rinbosari Otabek Umarov, Yengil atletika federatsiyasi raisi Akmalxo‘ja Mavlonov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktori Mansurbek Olloyorov, O‘zbekiston Milliy paralimpiya qo‘mitasi raisi Muxtorxon Toshxo‘jaev, shuningdek, xalqaro tashkilotlar va diplomatik vakolatxonalar vakillari ishtirok etdi.
Viktor Mahmudov o‘zining qutlov nutqida Toshkent marafoni shunchaki musobaqa emas, balki barcha yoshdagi professional sportchilar va yugurish ixlosmandlarini birlashtirish, sport birligi, ilhom va sog‘lom turmush tarziga intilishning o‘ziga xos muhitini shakllantirish uchun muhim platformaga aylanganini ta'kidladi.
Toshkent marafonining xalqaro e’tirofi uning World Athletics rasmiy taqvimiga kiritilgan tadbir maqomi bilan tasdiqlanadi. 2025-yilda marshrut Xalqaro marafonlar va yugurish assosiasiyasi (AIMS) tomonidan sertifikatlandi va masofani o‘lchash "A" toifadagi ekspert tomonidan amalga oshirildi, bu esa uning xalqaro standartlarga muvofiqligini tasdiqlaydi va natijalarning global darajada tan olinishini ta'minlaydi.
Bu yilgi marafonning mukofot jamg‘armasi 639 million so‘mni tashkil etdi. Musobaqalarda Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, Ukraina, Belarus, Keniya, Rossiyadan 32 nafar professional atlet, shuningdek, O‘zbekistonning eng kuchli yuguruvchilari ishtirok etdi.
Markaziy Osiyo yugurish va yurish akademiyasi direktori Shuhrat Usmonovning so‘zlariga ko‘ra, sovrindorlarning yosh toifalari kengayishi muhim yangilik bo‘ldi: bu yil sovrinlar erkaklar va ayollar o‘rtasida 15-34, 35-49 va 50+ yosh guruhlarida topshirildi. Ushbu qaror ishtirokchilarning keng doirasini rag‘batlantirish va yangi avlod sportchilarini ilhomlantirish imkonini berdi.
VII Toshkent marafoni poytaxtning ishbilarmonlik hayotida ham muhim voqeaga aylandi: tadbirga mamlakatimizning yetakchi kompaniya va tashkilotlaridan 212 ta korporativ jamoa kelib qo‘shilib, sog‘lom turmush tarzi va jamoaviy ruh tamoyillariga sodiqligini namoyish etdi.
Marafonni tashkil etish professional shtabning uyg‘un ishi natijasi bo‘ldi: 85 nafar sertifikatlangan hakam va murabbiy, shuningdek, 115 nafar volontyordan iborat jamoa jalb etildi.
Marafon masofasida ukrainalik Vitaliy Shafar g‘alaba qozonib, o‘tgan yilgi marafon g‘olibi belaruslik Vladislav Pryotovning rekordini besh soniyaga yaxshiladi. Bu yil Pryamov 2:19:29 natija bilan ikkinchi bo‘ldi. Uchinchi o‘rinni qirg‘izistonlik Ilya Tyapkin egalladi - 2:24:44. U Toshkent marafonining ikkita oltin, ikkita kumush va ikkita bronza medali sohibi.
Yekaterina Tunguskova oltinchi marta shohsupaga ko‘tarilib, ketma-ket ikkinchi marta birinchi o‘rinni egalladi. U bu yil 2:49:45 natija bilan marraga yetib keldi. Ikkinchi o‘rinni Yevgeniya Indina (2:54:32), uchinchi o‘rinni esa Gulnur Yelemesova (3:07:43) egalladi.
Yarim marafon yo‘nalishida ketma-ket ikkinchi yil rossiyalik Rinas Ahmadeev 1:03:22 hisobi bilan g‘alaba qozondi. Ikkinchi bo‘lib qirg‘izistonlik Nursultan Keneshbekov 1:04:35 natija bilan marraga yetib keldi, uchinchi bo‘lib marafon yugurish bo‘yicha O‘zbekiston yetakchisi Shohrux Davlatov masofani 1:05:39 da bosib o‘tdi. Ayollar o‘rtasida esa Aynushka Xalil Qizi ishonchli g‘alabaga erishdi - 1:17:01. Ikkinchi o‘rinni Svetlana Kudzelich egalladi, u 1:20:01 vaqtni ko‘rsatdi, uchinchi o‘rinni Yelena Tolstix egalladi - 1:22:19.
10 kilometrlik masofada yangi rekordlar o‘rnatildi. Hasan Mirsoatov 30:59 natija qayd etgan bo‘lsa, Alina Hakimova ayollar o‘rtasida 37:06 vaqt bilan eng yaxshi natijani qayd etdi. Bu ko‘rsatkichlar Toshkent marafonining bo‘lajak ishtirokchilari uchun yangi mezon bo‘ldi.
VII Xalqaro Toshkent marafoni g‘oliblari:
Erkaklar - 3 km
1.Eldor Botirov - 9:53
2.Diyorbek Ahmedov - 9:58
3. Viktor Surenko - 10:10
Ayollar - 3 km
1.Saboqat Samijonova - 11:46
2.Darya Andropova - 11:52
3.Munavvar Xolto‘raeva - 12:28
Erkaklar - 10 km
1.Hasan Mirsoatov - 30:59 (marafon rekordi)
2.Nodirbek Mutalipov - 31:15
3.Otabek Toshquvatov - 31:20
Ayollar - 10 km
1.Alina Hakimova - 37:06 (marafon rekordi)
2. Azizaxon Mirzakbarova - 37:22
3.Marjona Ahmadalieva - 37:41
Yarim marafon
Erkaklar
1.Rinas Ahmadiev - 1:03:27
2.Nursulton Keneshbekov - 1:04:35
3.Shoxrux Davlatov - 1:05:39
Ayollar
1. Aynushka Xalil qizi- 1:17:01
2. Svetlana Kudzelich - 1:20:01
3. Yelena Tolstix - 1:22:19
Marafon
Erkaklar
1. Vitaliy Shafar - 2:18:31 (marafon rekordi)
2.Vladislav Pryamov - 2:19:29
3. Ilya Tyapkin - 2:24:44
Ayollar
Yekaterina Tunguskova - 2:49:45
2. Yevgeniya Indina - 2:54:32
3.Gulnur Yelemesova - 3:07:43