Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Xalqaro avtomobilsozlik sanoatining yetuk mutaxassisi hisoblangan Bo Andersson so‘nggi uch yil davomida egallab turgan “UzAuto Motors” AJ va “UzAuto Motors Powertrain” AJ bosh direktori lavozimidagi faoliyatini yakunlamoqda.
Ushbu munosabat bilan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi. Tadbirda janob Anderssonning O‘zbekiston avtomobilsozlik sanoati rivojiga qo‘shgan hissalari va ko‘rsatgan xizmatlari qayd etib o‘tildi.
Ta’kidlanganidek, janob Andersson rahbarligida ishlab chiqarish ko‘rsatkichlari sezilarli darajada oshirildi. Shuningdek, “UzAuto Motors” AJ ning Andijon va Xorazm viloyatlaridagi korxonalarida yengil avtomobillar ishlab chiqarish miqdorining o‘sishi kuzatildi, mahsulot sifati yaxshilandi va avtomobil modellari ro‘yxati kengaytirildi.
2023-yil korxona faoliyatidagi eng ahamiyatli yillardan biri bo‘ldi: konveyerdan 395 400 dona avtomobil ishlab chiqarildi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga qaraganda 20 foizga ko‘proqdir. Joriy yilda ham korxonaning ishlab chiqarish ko‘rsatkichlari o‘tgan yildan kam bo‘lmaydi.
Korxona jamoasining fidokorona mehnati tufayli so‘nggi uch yil ichida Yangi O‘zbekiston avtomobilsozlik sanoati yengil avtomobillar ishlab chiqarish bo‘yicha MDH va Markaziy Osiyo davlatlari orasida yetakchilikka erishdi, Chevrolet brendi bozor hajmi bo‘yicha dunyoda ikkinchi o‘rinni egalladi.
O‘tgan yillar davomida erishilgan eng muhim yutuqlardan biri ikkita yangi mashhur modellar – Chevrolet Tracker (krossover) va Chevrolet Onix (sedan)ning ommaviy ishlab chiqarishga kiritilishi bo‘ldi. Korxonaning zamonaviy GM GEM (Global Emerging Markets) agregat platformasiga o‘tishi ushbu yutuqqa erishishga imkon yaratdi.
Qayd etish joizki, O‘zbekistonda avtomobil ishlab chiqarish to‘liq siklda – shtamplash, payvandlash, bo‘yash va yig‘ish jarayonlari vositasida amalga oshiriladi. Barcha dvigatellar Toshkent shahrida joylashgan “UzAuto Motors Powertrain” korxonasida ishlab chiqariladi. Bugungi kunda O‘zbekistonda avtomobil ishlab chiqarishning mahalliylashtirilganlik darajasi 50 foizdan oshadi. Mazkur natijaga asosiy butlovchi qismlarning salmoqli qismini mamlakatimizda ishlab chiqarish evaziga erishilmoqda.
E’tiborlisi shundaki, moliyaviy nuqtai nazardan olib qaraganda, janob Anderssonning O‘zbekistondagi faoliyati kompaniya uchun muvaffaqiyatli bo‘ldi – o‘rtacha sof daromad 6 foizdan oshdi.
Ta’kidlab o‘tish joizki, o‘tgan davr mobaynida “UzAuto Motors” AJ IPO (aksiyalarni birlamchi ommaviy joylashtirish) o‘tkazdi. Uning muvaffaqiyatiga jahon avtomobilsozlik sanoatining eng yetuk top-menejerlaridan birining faoliyati ham o‘z hissasini qo‘shdi.
– O‘tgan 3,5 yil davomida erishgan barcha natijalar butun jamoamiz: muhandislar, menejerlar, ustalar va eng muhimi ishchilar mehnatining samarasidir. Har qanday korxonaning asosi odamlar ekaniga ishonchim komil. So‘nggi yillardagi muhim natijalar qatorida korxonada barchani muvaffaqiyatlar va natijalarga ko‘ra rag‘batlantirish imkonini beruvchi aniq va to‘g‘ri KPI tizimining joriy etilganligini alohida ta’kidlashdan xursandman, — deya ta’kidladi Bo Andersson.
Tadbir so‘nggida, “UzAuto Motors” AJ Yangi O‘zbekiston haqiqiy iqtisodiy o‘sishining asosiy omillaridan biri ekanligi, yuksak istiqbolga egaligi va jahon avtomobilsozlik sanoatida e’tirof etilishi ta’kidlandi.
#UzAuto Motors