«Uch Qahramon» bozoridagi yirik yong‘indan keyin 17 avgust kuni faoliyati qayta tiklanadi. Bu haqda Toshkent viloyati hokimligi matbuot markazi xabar berdi.
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Favqulodda holatdan jabr ko‘rgan 165 tadbirkor uchun 63 ta bo‘sh do‘kon ajratildi. Yana 125 nafar tadbirkor ikki oy mobaynida ijara to‘lovidan ozod etildi. Maydoni 12 kv. m bo‘lgan 56 ta savdo joyiga 112 tadbirkor joylashtirildi, maydoni 24 kv. m bo‘lgan ikki do‘konga sakkiz kishi, 9 kv. m bo‘lgan besh savdo nuqtasiga esa besh tadbirkor joylashdi. Sakkiz tadbirkor taklif qilingan yordamdan voz kechib, faoliyatini to‘xtatishga qaror qildi, yana to‘rt nafar tadbirkor do‘kon sotib olish niyatida bo‘lgan, ammo ariza taqdim etmagan.
14 avgust kuni Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev bilan uchrashuvda tadbirkorlarga bozorning keyingi taqdiri yer uchastkasi egasi bo‘lgan Toshkent metropoliteni tomonidan hal etilishi aytildi. Rejaga ko‘ra, 2026 yil mart oyida mazkur hududda metro uchun zarur infratuzilma obyekti qurilishi boshlanadi. Mirzayev tadbirkorlarga poytaxt metropoliteni rahbari Rahmonbek Usmonovning telefon orqali yo‘llagan murojaatini yetkazdi.
15 avgustdan jabr ko‘rgan tadbirkorlar bozorning zarar yetmagan qismiga ko‘chishni boshladi. Ochilish kuni Zoyir Mirzayev har bir ijarachi bilan shaxsan suhbatlashishini vaʼda qildi. Bo‘sh savdo joylarining adolatli taqsimlanishini tadbirkorlar hamjamiyati vakillari nazorat qiladi.
Toshkent viloyati prokurori Azamat Mirzayev maʼlum qilishicha, yong‘in holatini aniqlash va huquqiy baho berish uchun 40 nafar tergovchidan iborat guruh tuzilgan. Bozor hududida sayyor shtab shaklida tezkor surishtiruv va tergov harakatlari olib borilmoqda.
Hokimlik matbuot xizmati maʼlumotlariga ko‘ra, yong‘indan yetgan zarar taxminan 74 mlrd so‘mga (Markaziy bank kursi bo‘yicha 5,88 mln dollar) baholanmoqda. 8 ming kv. m maydonni qamrab olgan yong‘inga «Uch qahramon ixtisoslashgan savdo majmuasi» MCHJ masʼul shaxslari tomonidan yong‘in xavfsizligi qoidalariga rioya etilmagani sabab bo‘lgan. Toshkent tumani IIB tergov bo‘limi O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 259-moddasi 2-qismi “b” bandi — yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzish aybi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atdi. Materiallar Toshkent viloyati IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasiga topshirildi.
Dastlabki maʼlumotlarga ko‘ra, yong‘inga bozor kirish qismidagi birinchi va ikkinchi do‘konlar o‘rtasidagi elektr simlari avariyasi (ortiqcha yuklama, o‘tish qarshiligining oshishi) sabab bo‘lgan. Yonib ketish sababini aniq belgilash uchun X. Sulaymanova nomidagi Respublika sud-ekspertiza markazi, Yong‘in xavfsizligi akademiyasi va boshqa tuzilmalar mutaxassislari voqea joyini ko‘zdan kechirib, ayrim dalillarni olib kompleks sud-ekspertiza tayinladi.
Jami yong‘in oqibatida 137 tadbirkor zarar ko‘rgan bo‘lib, ularning 181 ta savdo joyi va 76 ta bo‘sh do‘koniga shikast yetgan. Bloklar bo‘yicha: A blokda — 78 tadbirkor (106 do‘kon), S blokda — 11 tadbirkor (19 do‘kon), E blokda — 48 tadbirkor (56 do‘kon).
Yong‘in bozordagi ishlaydigan do‘konlarning qariyb yarmini — 567 ta do‘kondan 257 tasini (45 foizdan ortiq) shikastladi. Umuman bozorda 900 dan ortiq savdo nuqtasi mavjud.
Yong‘in 11 avgust kuniga o‘tar kechasi sodir bo‘lgan. FVVga xabar soat 02:22 da kelib tushgan, ortidan yetti daqiqa ichida o‘t o‘chiruvchi-qutqaruvchi guruhlar voqea joyiga yetib kelgan. Olovni to‘liq o‘chirish uchun 10 ta ekipaj ishtirok etgan va ikki soatdan ortiq vaqt sarflangan.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar bahosiga ko‘ra, yong‘in bozor maydonining taxminan 40 foizini yo‘q qilgan, ammo tezkor harakatlar natijasida umumiy 20 ming kv. m maydondan 12 ming kv. m savdo hududi saqlab qolingan. Halok bo‘lganlar yoki jarohat olganlar haqida xabar berilmagan.