Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Bugun, 20 noyabr kuni Turkmanobod shahrida ikkinchi Turkmaniston-O‘zbekiston mintaqalararo forumi doirasida “Made in Uzbekistan” ko‘rgazmasining rasmiy ochilishi bo‘lib o‘tdi.
Ochilish marosimida O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi o‘rinbosari Dilshod Rasulov, Turkmaniston Savdo-sanoat palatasi raisi Mergen Gurdov, vazirlik va idoralar rahbarlari, ikki mamlakat ishbilarmon doiralari vakillari ishtirok etdi.
O‘zbekiston milliy stendida mamlakatimizning turli sohalarda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar tomonidan xalqaro standartlar va jahon bozorlari talabiga javob beradigan innovatsion yechimlar va yuqori sifatli mahsulotlar namoyish etildi.
Ko‘rgazma ekspozitsiyasi qishloq xo‘jaligi, qurilish, turizm, shuningdek, avtomobilsozlik, kimyo, farmatsevtika, neft-gaz, to‘qimachilik, ipakchilik, charm-poyabzal va oziq-ovqat sanoati kabi yo‘nalishlarni qamrab olgan.
“Made in Uzbekistan” ko‘rgazmasi O‘zbekiston bilan Turkmaniston o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash, o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan qator muvaffaqiyatli tadbirlarni davom ettirishda muhim qadam bo‘ldi.