Turkiyada O‘zbekistonlik 3 ayol noqonuniy oltin olib o‘tishga uringani uchun qo‘lga olindi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2024 yil 25 aprel kuni Turkiyaning Istanbul aeroportida Qozog‘istonning Shimkent shahridan kelgan uch nafar O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan ayol qo‘lga olindi, deb xabar beradi Sozcu nashri.
Tekshiruv davomida bagajlarida taqiqlangan buyumlar aniqlanmadi, ammo rentgen apparati orqali tekshirilganda bel sohasida qattiq jismlar mavjudligi qayd etildi. Prokuratura topshirig‘iga ko‘ra, ular chuqurroq tibbiy tekshiruv uchun shifoxonaga yuborildi.
Rentgen tashxisi natijasida ushlab turilgan ayollarning tanasida, aniqrog‘i, jinsiy aʼzolarida xorijiy jismlar borligi tasdiqlandi.
Ayol politsiyachilar nazoratida maxsus joyda tekshiruv o‘tkazilib, umumiy og‘irligi 6 kilogramm 28 grammni tashkil etuvchi 120 dona turli og‘irlikdagi oltin tangalar aniqlanib, musodara qilindi.
Qonunbuzarlikni oldini olish va tergov byurosi bo‘limlari tomonidan musodara qilingan oltinlar rasman qabul qilib olindi.
Eslatib o‘tamiz, bundan avvalroq ham Istanbulda bir yo‘lovchi Toshkentga yuksak narxda baholangan antik kitoblarni olib o‘tishga uringani aniqlangan edi.