Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Turkiyaning O‘zbekistondagi elchisi Olgan Bekar O‘zbekiston xalqini yaqinlashib kelayotgan Yangi yil bilan tabrikladi.
2025 yil sizga sog‘lik, tinchlik-xotirjamlik, qut-baraka, farovonlik va baxt-omad keltirishini, Turkiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlar Yangi yilda yanada mustahkamlanishini tilayman.
Turkiya Prezidenti janob Rajab Toyyib Erdo‘g‘an va Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘rtasidagi samimiy do‘stlik va muloqot tufayli munosabatlarimiz o‘z tarixidagi eng yaxshi davriga erishdi.
2024-yil ikki tomonlama munosabatlarimiz uchun juda samarali va unutilmas yil bo‘ldi. Joriy yilning iyun oyida Oliy darajadagi strategik hamkorlik kengashining (YDSK) III. yig‘ilishiga Anqarada mezbonlik qildik. Biz O‘zbekiston Prezidenti janob Mirziyoyevni va Vazirlar Mahkamasi a’zolarini mamlakatimizda kutib oldik. Tashrif davomida 18 ta shartnoma imzolanib, keyingi davr uchun yol xaritasi belgilab olindi.
Qardoshlik rishtalariga asoslangan strategik hamkorligimizni munosabatlarimizga yarashadigan tarzda har sohada rivojlantirmoqdamiz. Ta’lim, madaniyat, san’at, turizm, qishloq xo‘jaligi, energetika, xavfsizlik va boshqa ko‘plab sohalarda birgalikdagi sa’y-harakatlarimizni davom ettirmoqdamiz. O‘zbekistonga turk sarmoyalarini ko‘paytirish, o‘zaro savdo hajmida o‘z oldimizga qo‘ygan mushtarak maqsadlarga erishish va xalqlarimiz farovonligini oshirish yo‘lida tinmay mehnat qilmoqdamiz.
Ikki tomonlama aloqalarimizdan tashqari Turkiy Davlatlar Tashkiloti kabi xalqaro tashkilotlar doirasida ham hamkorlikni mustahkamlab, Turk dunyosining integratsiyasi va birligi yo‘lida mushtarak qadamlar tashlamoqdamiz.
Biz, Turkiya davlati sifatida Prezident janob Mirziyoyev boshchiligidagi islohotlar va taraqqiyot jarayonini hamisha bor imkoniyatlarimiz bilan qo‘llab-quvvatlab kelmoqdamiz; Biz O‘zbekistonning xalqaro miqyosdagi obro‘-e’tibori ortib borayotganini va mintaqaviy taraqqiyotga qaratilgan faoliyatlarini mamnuniyat bilan kuzatib bormoqdamiz.
2025-yilda turk va o‘zbek xalqlarining tinchligi, barqarorligi va farovonligi yanada ortishini; Turkiya-O‘zbekiston hamkorligi chuqur ildiz otib, gullab-yashnashini; Turk dunyosi xalqaro maydonda munosib o‘rniga erishishini, butun dunyoda sodir bo‘layotgan yovuzlik va adolatsizliklar tinch yo‘l bilan yakun topishini tilagan holda, barchangizni Yangi yil bilan samimiy tabriklayman.
Yangi yilingiz muborak bo‘lsin!