Turkiy davlatlar tashkilotining turizm bo‘yicha vazirlarining navbatdagi 11-yig‘ilishiga O‘zbekiston mezbonlik qiladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Turkiya Respublikasi poytaxti Anqara shahrida Turkiy davlatlar tashkilotining turizm bo‘yicha vazirlarining 10-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston delegatsiyasi rahbari Turizm qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Djamshid Abdusalamov tomonidan O‘zbekistonda so‘ngi yillarda turizm sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar va reformalar haqida ma’lumot berildi.
Xususan, vizasiz tartib o‘rnatilgan davlatlar soni bugungi kunda 95 taga yetgani va sayyohlar oqimi uch barobarga ko‘paygani, 2024-yilda mamlakatimizga 10 milliondan ortiq xorijiy sayyoh tashrif buyurgani hamda BMT Jahon sayyohlik tashkiloti tomonidan O‘zbekistonni dunyoning eng tez rivojlanayotgan turizm bozori to‘rtligiga kiritganini ma’lum qilindi.
Tadbirda turizm global muammolar va geosiyosiy o‘zgarishlar sharoitida tinchlik, barqarorlik va xalqaro munosabatlarni mustahkamlashning o‘ziga xos vositasi ekanligi alohida ta’kidlandi.
Shuningdek, Tashkilotga a’zo davlatlar ichida Turizm ma’muriyatlari bilan birgalikda mavjud turizm imkoniyatlarni hamkorlikda keng targ‘ib etishga qaratilgan loyihalar yuzasidan takliflar bildirildi.
Tadbir yakunida Turkiy davlatlar tashkilotining turizm poytaxti sifatida Turkiya Respublikasining Anqara shahri e’lon qilindi hamda ushbu formatdagi navbatdagi 11-yig‘ilishga O‘zbekiston mezbonlik qilishi qayd etildi.