Turkiy davlatlar qo‘shma sun’iy yo‘ldoshni uchirishga tayyorgarlik ko‘rmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Ayni kunlarda Ozarbayjon jahon kosmik bozoridagi eng nufuzli tadbirlardan biriga aylanib borayotgan, 2022-yilda O‘zbekiston tashabbusi bilan tashkil etilgan “Space Technology Conference-2025” anjumaniga mezbonlik qilmoqda.
Mazkur xalqaro tadbir doirasida Turkiy davlatlar tashkiloti a’zolari xususan, Turkiya, Qozog’iston, O‘zbekiston, Ozarbayjon, Qirg’iziston shunigdek kuzatuvchi mamlakatlar Vengriya va Turkmaniston kosmik agentliklari rahbarlarining to‘rtinchi yig’ilishi bo’lib o‘tdi.
Unda tomonlar kosmik sohadagi o‘zaro hamkorlikni yana rivojlantirish, texnologiyalar transferini jadallashtirish va bu borada tajriba almashish, fazoni tinch maqsadlarda tadqiq etish bo’yicha qo’shma dasturlarni ishlab chiqish, qolaversa birgalikda kosmik qurilmalarni ishlab chiqish kabi qator masalalarni ko‘rib chiqishdi.
Xususan, muhokamalar davomida Turkiy davlatlar tomonidan yaratilishi rejalashtirilayotgan kubsat turidagi qo‘shma sun’iy yo‘ldosh loyihasining ayni vaqtdagi bosqichlari, unda Uzcosmos vakillarining ishtiroki haqida so‘z bordi. Belgilangan rejaga ko‘ra, ushbu sun’iy yo‘ldoshining dvigatel qismi o‘zbekistonlik muhandislar tomonidan yasalishi ko‘zda tutilayotgani qayd etildi.
Shuningdek, Uzcosmos vakillari TDTga a’zo davlatlar o‘rtasida mini sun’iy yo’ldosh qurilmalarini yasash va ularning sinov parvozlarini amalga oshirishga xizmat qiluvchi “CanSat” musobaqasini o’tkazish taklifini ham ilgari surishdi. Bu mintaqa yoshlarining kosmik texnologiyalar, astronavtika va muhandislikka bo‘lgan qiziqishni yanada orttirish, ularning bu boradagi tashabbus hamda ixtirolarini qo‘llab – quvvatlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Qolaversa, yig’ilishda Ozarbayjon tomoni TDTga a’zo davlatlar fuqarolari va kuzatuvchilari uchun “Virtual kosmik akademiya” va geoaxborot tizimi bo’yicha o‘quv dasturlarini tashkil etishga tayyor ekanligini bildirdi. Bu loyihalar orqali fuqarolarga kosmik faoliyatni yanada kengroq tushuntirish, yoshlarni ayni sohaga qiziqtirish va ularning bu boradagi g’oyalari bilan yaqindan tanishish imkoniyatini beradi.
Shu bilan birga ishtirokchilar 2023-yilda tashkil etilgan TDTga a’zo davlatlarning birinchi Turkiy kosmonavtlar akademiyasi “GUHEM” kosmik va aviatsiya o‘quv markazida o‘tkaziladigan uchinchi "Space Camp Türkiye" lagerining bu yilgi mavsumi bo’yicha ham ma’lumotlar berishdi. Ta’kidlanganidek, hozirga qadar mazkur oromgohga 150 nafarga yaqin o‘quvchi va talabalar tashrif buyurib astronomiyasi, raketasozlik, astrofizika, quyosh tizimi va boshqa fanlar bo‘yicha tahsil olishgan.
Eng muhim yangiliklardan yana bir Uzcosmos vakillari taklifiga binoan TDTga a’zo davlatlar kosmik agentliklari rahbarlarining beshinchi yig’ilishini O‘zbekistonda o‘tkazilishiga kelishildi. Yig’ilishda kun tartibidan o‘rin olgan shu va boshqa masalalar muhokama etilib tegishli qarorlar qabul qilindi.