Tranzit tashuvlarida ruxsatnoma muddati uzaytiriladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Majlisda “Maxsus yuklar va harbiy tarkiblarning tranziti to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda konseptual jihatdan muhokama qilindi.
Mamlakatimizda tranzit tashuvlarning hajmini oshirish, logistika tizimini rivojlantirish bo‘yicha izchil ishlar olib borilmoqda. Shu bilan birga, milliy qonunchilikdagi bo‘shliqlarni bartaraf etish va transport sohasidagi qonunchilikni takomillashtirish uchun qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratish zarurati yuzaga kelyapti. Xususan, “Maxsus yuklar va harbiy tarkiblarning tranziti to‘g‘risida”gi qonunda tranzit ruxsatnomasini berish yoki uni berishni rad etish to‘g‘risidagi qaror ariza olingan kundan e’tiboran o‘ttiz kundan oshmaydigan muddatda qabul qilinishi, zarur hollarda mazkur muddat uzaytirilishi mumkinligi belgilangan. Biroq, qonunda ushbu muddatni uzaytirishga asos bo‘luvchi holatlar hamda uzaytirilishi mumkin bo‘lgan muddat chegarasi aniq belgilanmagan.
Taklif etilayotgan qonun loyihasi bilan maxsus yuklar va harbiy tarkiblarning tranzitiga ruxsatnoma berish yoki uni berishni rad etish to‘g‘risidagi qaror ariza olingan kundan e’tiboran yigirma kundan oshmaydigan muddatda qabul qilinishi, zarur hollarda mazkur muddat bir oygacha uzaytirilishi mumkinligi belgilanmoqda.
Bundan tashqari, maxsus yuklar va harbiy tarkiblarning tranzitiga ruxsatnomaning amal qilish muddatini to‘qson kun etib belgilash nazarda tutilmoqda.
Majlisda qonun loyihasining qabul qilinishi logistika tizimini rivojlantirish, tranzit tashuvlarni xajmini oshirish hamda qonunchilikdagi bo‘shliqlarni bartaraf etgan holda, transport sohasidagi qonunchilikni takomillashtirishga xizmat qilishi qayd etildi.
Munozaralardan so‘ng, qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi.