Valyuta kurslari 25/04/2025
$1 – 12927.17
UZS – 0,29%
€1 – 14717.58
UZS – -0,02%
₽1 – 155.73
UZS – -0,2%
Qidirish
Iqtisod 25/04/2025 Toshkentda Xivaga yo‘lovchi tashish uchun yangi zamonaviy vagonlar ishga tushirildi

Toshkentda Xivaga yo‘lovchi tashish uchun yangi zamonaviy vagonlar ishga tushirildi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 24-aprel kuni, Markaziy temir yo’l vokzalida "Toshkent – Xiva – Toshkent" yo'nalishida harakatlanuvchi 10 ta zamonaviy turdagi vagonlarning yo’lovchilar uchun foydalanishga topshirish marosimi o’tkazildi.

Vagonlar 4 ta plastkart (har biri 54 ta o’ringa ega), 4 ta kupe (har biri 36 ta o’ringa ega) hamda 2 ta SV (har biri 18 ta o’ringa ega) turdagi vagonlar bo’lib, ular bir vaqtning o’zida 396 nafar yo’lovchini tashish imkoniyatini beradi.

Kun sayin O’zbekistonda ichki va tashqi turizm rivojlanib bormoqda. Tabiiyki, bu yo’lovchi tashish transportiga talab ham ortishiga sabab bo’ladi.  So’nggi yillarda bu sohada bir qator ijobiy o’zgarishlar bo’lmoqda. Xususan, yangidan yangi elektropoyezdlarning yurtimizga olib kelinayotganligi sayyohlarga yanada qulay sharoitlar yaratib bermoqda. 2023-2024-yillarda zamonaviy turdagi 47 ta yo’lovchi vagonlarni xarid qilinganligi, ko’rkam dizayndagi temir yo’l vokzallarining barpo etilayotganligi bunga yaqqol misol bo’la oladi.

O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 10-oktabrdagi PQ-329-sonli qarori asosida, 2025-2026-yillarda yangicha dizayn va uslubda ishlangan, barcha qulayliklarga ega bo’lgan 70 ta zamonaviy yo’lovchi vagonlarini xarid qilish uchun Tiklanish va taraqqiyot jamg’armasi hamda Sanoatni rivojlantirish jamg’armasi tomonidan imtiyozli kredit liniyalari asosida mablag’lar ajratildi. Bugungi taqdimot marosimida ana shu vagonlarning dastlabki 10 tasi yo'lovchilar uchun foydalanishga topshirildi va 26-apreldan boshlab vagonlar yo'lovchilarga xizmat ko'rsata boshlaydi.

Ushbu vagonlar “Turizm poytaxti” deb nom olgan Xiva shahriga yo‘lovchilarimizni tashish uchun xizmat qiladi va yiliga 144 540 nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish imkoniyatini yaratadi. Muxtasar qilib aytganda, kelgusi ikki yil davomida ushbu kabi yo‘lovchi vagonlarimiz soni yana 70 taga ko’paytirilib, eski turdagi yo‘lovchi vagonlardan bosqichma-bosqich tarzda voz kechiladi va bu orqali temir yo‘l transportidan foydalanuvchi yo‘lovchilarga yuqori darajadagi xizmatlar ko‘rsatilishiga erishiladi. Ushbu ishlarning amalga oshirilishi natijasida yiliga 1 mln nafardan ortiq yo‘lovchilarni qo‘shimcha tashish imkoni paydo bo’ladi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling