Toshkentda piyodalarga yo‘l bermagan haydovchilarga jarima qo‘llanilmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Toshkent shahrida piyodalarga yo‘l bermagan haydovchilarga nisbatan jarimalar qo‘llanilishi boshlandi. Bunday holatlar endilikda sunʼiy intellekt elementlari bilan jihozlangan intellektual kameralar orqali avtomatik tarzda qayd etiladi. Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati maʼlumotiga ko‘ra, tizim ish boshlagan dastlabki uch kunda 1719 ta qoidabuzarlik holati aniqlangan.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaroriga muvofiq, 2025 yil iyun oyidan boshlab mamlakat bo‘ylab zamonaviy foto va video qayd etish tizimlarini bosqichma-bosqich o‘rnatish ishlari olib borilmoqda. Mazkur tizimlarni joriy etishdan ko‘zlangan maqsad — yo‘llarda xavfsizlikni oshirish, harakat qoidalariga rioya etilishini nazorat qilish hamda inson omili sababli sodir bo‘ladigan qonunbuzarliklarni tezkor aniqlashdir.
Xususan, “TELECOM SOFT” MCHJ tomonidan shaharning o‘nta yo‘l uchastkalari intellektual videokuzatuv tizimlari bilan jihozlandi. Ushbu tizimlar haydovchilar piyodalarga yo‘l bermagan holatlarni avtomatik ravishda aniqlay oladi.
2025 yilning oxirigacha mamlakatning turli hududlaridagi yana o‘ttizta svetoforsiz piyodalar yo‘laklariga shunday zamonaviy majmualarni o‘rnatish rejalashtirilgan.