Valyuta kurslari 21/08/2025
$1 – 12466.44
UZS – -0,47%
€1 – 14517.17
UZS – -0,77%
₽1 – 155.42
UZS – -0,35%
Qidirish
O‘zbekiston 21/08/2025 Toshkentda “O‘zbekiston strategiyasi” jurnalining Xitoy va ShHT bilan hamkorlikka bag‘ishlangan maxsus soni taqdimoti bo‘lib o‘tdi

Toshkentda “O‘zbekiston strategiyasi” jurnalining Xitoy va ShHT bilan hamkorlikka bag‘ishlangan maxsus soni taqdimoti bo‘lib o‘tdi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Bugun “Taraqqiyot strategiyasi” markazida “Oʻzbekiston strategiyasi” jurnalining maxsus soni taqdimotiga bagʻishlangan tadbir boʻlib oʻtdi.

Tadbirda Xitoy Xalq Respublikasining Oʻzbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Yuy Szyun, mamlakatimizdagi vazirlik va idoralar vakillari, tahlil markazlari ekspertlari, shuningdek, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Taʼkidlash joiz, Shanxay hamkorlik tashkiloti (SHHT) Davlat rahbarlari kengashining 25-yigʻilishi joriy yil 31-avgust – 1-sentyabr kunlari Tyanszin shahrida (Xitoy) boʻlib oʻtishi rejalashtirilgan. Shu munosabat bilan “Taraqqiyot strategiyasi” markazi hamda Xitoyning Oʻzbekistondagi elchixonasi hamkorligida Oʻzbekiston – Xitoy har tomonlama strategik munosabatlari, shuningdek, SHHT doirasidagi koʻp tomonlama hamkorligiga bagʻishlangan “Oʻzbekiston strategiyasi” jurnalining maxsus soni tayyorlandi.

Taqdimot davomida “Taraqqiyot strategiyasi” markazi Ijrochi direktori Eldor Tulyakov soʻzga chiqib, bugungi kunda Oʻzbekiston va Xitoy oʻrtasidagi har tomonlama strategik sherikchilik, shuningdek SHHT doirasidagi koʻp tomonlama hamkorlik jadal rivojlanayotganini taʼkidladi. Jurnalda Oʻzbekiston va Xitoy tegishli vazirliklari rahbariyati va yetakchi tadqiqot muassasalari ekspertlari tomonidan tayyorlangan tahliliy materiallar nashrdan oʻrin olganini taʼkidladi.

Qayd etish joiz, Xitoy Oʻzbekistonning eng yirik tashqi savdo hamkoriga aylangan mamlakatlaridan hisoblanadi. Xitoydan kelayotgan investitsiyalar asosan energetika, infrastruktura, transport va sanoat sohalariga qaratilgan. Misol uchun, yirik transport va logistika loyihalari birgina 2024-yilda ikki mamlakat oʻrtasidagi savdo hajmi

12,4 milliard dollardan oshdi. Shu bilan birga, Xitoyning Oʻzbekistondagi toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalari 10 milliard dollardan oshgan. Mamlakatimizda 1-avgust holatiga koʻra, Xitoy investitsiyalari ishtirokida jami 4250 ta korxonalar faoliyat yuritmoqda. Ular energetika, telekommunikatsiya, transport, konchilik, toʻqimachilik va raqamli infratuzilma kabi sohalarda samarali ish olib borishmoqda.

Oʻzbekiston va Xitoy oʻrtasidagi koʻp tomonlama hamkorlik turli xalqaro platformalarda, jumladan, BMT, SHHT, Markaziy Osiyo mintaqaviy iqtisodiy hamkorligi va boshqa xalqaro tashkilotlar hamda loyihalarda jadal rivojlanib bormoqda.

Kelgusi yillarda hamkorligimizning asosiy ustuvor yoʻnalishlaridan biri – “Xitoy-Qirgʻiziston-Oʻzbekiston” temir yoʻlini barpo etishdir. Bu loyiha Sharq va Markaziy Osiyoni Yaqin Sharq va Yevropa bilan bogʻlaydigan yangi strategik yoʻlak hisoblanadi.

Bundan tashqari, Xitoy kompaniyalari mamlakatimizdagi “yashil energetika” dasturlariga faol jalb qilingan. Xususan, Buxoro, Qashqadaryo, Samarqand va Jizzax viloyatlarida quyosh elektr stansiyalari ishga tushirildi, ular umumiy hisobda 1,5 gigavattdan ortiq toza energiya ishlab chiqarish imkoniyatini bermoqda.

SHHT doirasidagi hamkorlik haqida toʻxtalar ekan, E. Tulyakov Oʻzbekiston va Xitoy SHHTning asoschilaridan va eng faol aʼzolaridan hisoblanishini taʼkidladi. Oxirgi yillarda mamlakatimiz tashabbusi bilan tashkilot doirasida xavfsizlik, transport, raqamli texnologiyalar, “yashil iqtisodiyot” va oziq-ovqat xavfsizligiga oid yuzdan ziyod takliflar ilgari surildi.

Tadbir davomida Xitoy Xalq Respublikasining Oʻzbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi, janob Yuy Szyunga soʻz berildi.

– Bu yil Xitoyning Tyanszin shahrida SHHT sammiti boʻlib oʻtishi nafaqat Xitoy uchun yilning muhim diplomatik voqeasi, balki SHHTning katta oilasi uchun ham muhim voqeadir, – dedi Xitoy Xalq Respublikasining Oʻzbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Yuy Szyun. – Sammit uchun qulay muhit yaratish maqsadida elchixonamiz va Oʻzbekiston “Taraqqiyot strategiyasi” markazi bilan hamkorlikda SHHTga bagʻishlangan maxsus nashrni tayyorlandi.

Elchi janoblari jurnaldan oʻrin olgan maqolalarda SHHTning dastlabki intilishlari koʻrib chiqilgani, Xitoy va Oʻzbekistonning tashkilot doirasidagi hamkorligining yutuqlari va tajribasini qayd etdi.

– Fursatdan foydalanib, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi va jamoasiga ushbu jurnalni tayyorlashdagi saʼy-harakatlari uchun alohida, shuningdek, Xitoy-Oʻzbekiston hamkorligi hamda SHHT rivojiga gʻamxoʻrlik qilayotgan va qoʻllab-quvvatlayotgan barchaga minnatdorlik bildiraman, — dedi elchi. – Tashkil etilganidan buyon oʻtgan 24-yil davomida “Oʻzaro ishonch, oʻzaro manfaatlar, tenglik, maslahatlashuvlar, turli sivilizatsiyalarga hurmat va umumiy rivojlanishga intilish” va “Shanxay ruhi”ga asoslangan SHHT asta-sekin xavfsizlik sohasida hamkorlik mexanizmidan siyosat, xavfsizlik, iqtisodiyot va madaniyat kabi koʻplab sohalarni qamrab oluvchi keng qamrovli mintaqaviy tashkilotga, xalqaro va mintaqaviy masalalarda nufuzli konstruktiv kuchga aylandi. Amaliyot shuni koʻrsatdiki, SHHT rivoji tinchlik va taraqqiyot tendensiyasiga mos keladi va barcha mamlakatlarning oʻzaro manfaatli hamkorlikka boʻlgan umumiy intilishlariga javob beradi.

Elchi janoblari Tyanszin shahrida boʻlishi kutilayotgan 20 dan ortiq davlat rahbarlari va 10 ta xalqaro tashkilot rahbarlari ishtirok etadigan SHHT sammiti SHHT tashkil etilganidan beri eng yirik sammit va Xitoy raisligining kulminatsion nuqtasi boʻlishiga eʼtibor qaratildi. Xitoy tomoni Oʻzbekiston tomoni va boshqa aʼzo davlatlar bilan doʻstona, hamjihat va samarali sammit oʻtkazish, SHHT taqdiri mushtarak hamjamiyatini yanada yaqinlashtirish maqsadida hamkorlik qilishga tayyorligini taʼkidladi.

Qayd etilganidek, Oʻzbekiston va Xitoy SHHT doirasidagi koʻp tomonlama hamkorlikni ham izchil rivojlantirib bormoqda. Ikki davlat SHHTning hammuassislari va faol aʼzolaridan biri sifatida tashkilot doirasidagi hamkorlikni yanada samarali tashkil etish yuzasidan doimiy ravishda aniq taklif va tashabbuslarni ilgari surib kelmoqda.

Xususan, Oʻzbekiston tashkilotga raislik qiluvchi davlat sifatida SHHTga aʼzo davlatlar rahbarlari Kengashining majlislariga toʻrt marotaba mezbonlik qilgan boʻlsa, ularning soʻngisi 2022-yilda Samarqand shahrida boʻlib oʻtdi. Mazkur sammit yakunlari boʻyicha rekord darajada – jami 44 ta hujjat, jumladan, qator kelishuv, konsepsiya, dastur va boshqa hujjatlar imzolandi. Oʻzbekiston Prezidenti Sh.Mirziyoyev tomonidan SHHTga aʼzo mamlakatlar oʻrtasidagi mintaqaviy hamkorlik samaradorligini oshirish, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash boʻyicha umumiy prinsip va yondashuvlarni ishlab chiqish, maxsus iqtisodiy zonalar alyansini tashkil etish, SHHT davlatlari savdo yarmarkasini oʻtkazish kabi yoʻnalishlarda oʻzaro muloqot, tushunish va hamkorlikni yanada mustahkamlashga qaratilgan takliflar ilgari surildi.

Oʻzbekiston va Xitoy Xalq Respublikasi oʻrtasida oʻzaro manfaatli strategik sheriklikning bundan keyin ham izchil rivojlanib borishi,

SHHT doirasidagi siyosiy-diplomatik muloqot, savdo-iqtisodiy aloqalar, madaniy-gumanitar, ilmiy-texnikaviy almashinuvlar va mintaqaviy hamda global xavfsizlikni taʼminlash sohalaridagi faoliyat yanada mustahkamlanishi shubhasiz.

Jurnal Oʻzbekiston va Xitoy oʻrtasidagi har tomonlama strategik sherikchilik, shuningdek SHHT doirasidagi koʻp tomonlama hamkorlikning muhim yoʻnalishlariga bagʻishlangan boʻlib, ushbu mintaqaviy hamkorlikka oid zamonaviy tahlillar, ekspert soʻzlari va amaliy tajribalar qamrab olingan. Oʻzbekiston va Xitoyning tegishli vazirliklari rahbariyati va yetakchi tadqiqot muassasalari ekspertlari tomonidan tayyorlangan tahliliy materiallar nashrdan oʻrin olgan. Jurnal Oʻzbekiston va Xitoy oʻrtasidagi strategik sherikchilik, SHHT doirasida rivojlanayotgan hamkorlikni yanada chuqurroq tushunishga xizmat qiladi.

Tadbirda ekspertlar soʻzga chiqib, jurnal taqdimoti SHHTning muhim tadbiri arafasida oʻtkazilishi mintaqadagi siyosiy va iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirishga muhim eʼtibor qaratilayotganidan dalolat ekanini taʼkidlashdi.

 

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling