Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 30-yanvar kuni Fransiyaning “MEDEF International” uyushmasida ishbilarmonlarining xalqaro hamkorlikdagi yetakchi vakili Klod Imoven boshchiligidagi tadbirkorlar delegatsiyasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
MEDEF International (Mouvement des Entreprises de France International) Fransiyaning eng yirik ishbilarmonlar uyushmasi bo‘lib, Fransiya kompaniyalarining xalqaro bozorga chiqishiga yordam beradi. Tashkilot xorijiy mamlakatlar bilan iqtisodiy va savdo aloqalarini rivojlantirishda muhim o‘rin tutadi. Uyushma dunyoning 120 dan ortiq mamlakati bilan iqtisodiy hamkorlik olib boradi.
Uchrashuvda qator yirik fransuz kompaniyalari — Societe Generale, VEOLIA, Iveco Bus, EDF International Networks, Eiffage International, SUEZ, Voltalia, Orano, Airbus, Aéroports de Paris, TotalEnergies Renewables Uzbekistan, ALSTOM, Egis kabi korporatsiyalar vakillari ishtirok etdi. Ular delegatsiya tarkibidagi kompaniyalarning faoliyati, tajribasi va hamkorlik yo‘nalishlari haqida ma’lumot berib o‘tdi.
Shuningdek, uchrashuvda O‘zbekistonning bir qator yirik kompaniyalari vakillari hamda tegishli vazirlik va davlat idoralari rahbarlari ishtirok etdi.
Muloqot davomida tomonlar quyidagi yo‘nalishlarda muhokamalar olib bordi:
· Davlat-xususiy sheriklik – kompaniyalar bilan infratuzilma loyihalaridagi hamkorlik aloqalarini kengaytirish;
· Yashil o‘sishni ta’minlash – yashil iqtisodiyotni rag‘batlantirish, yashil texnologiyalardan foydalangan holda energiya samaradorlikni oshirish;
· Energetika sohasini rivojlantirish – issiqlik ta’minotini modernizatsiya qilish, elektr energiyasini yetkazib berish sohasini takomillashtirish, gidroenergiya stansiyalaridan foydalanish;
· Transport va yo‘l qurilishi – transport infratuzilmasini rivojlantirish, aeroportlarni modernizatsiya qilish hamda yangi zamonaviy avtomobil yo‘llarini qurish yuzasidan loyihalar;
· Qishloq xo‘jaligi va suv ta’minoti – irrigatsiya loyihalarini amalga oshirish, sohaga zamonaviy texnologiyalarni jalb etish, suv resurslaridan samarali foydalanish, ichimlik suvi ta’minoti tizimini yaxshilash;
· Xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlash va transformatsiya – xususiy sektorni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash instrumentlarini kengaytirish, davlat ishtirokidagi korxonalarning transformatsiya va xususiylashtirish jarayonlari.
Shuningdek, muhokamalar davomida yuqoridagi yo‘nalishlarda xalqaro tajribalardan keng foydalanish hamda innovatsion yondashuvlar va zamonaviy tendensiyalarga asoslangan innovatsion loyihalarni shakllantirish yuzasidan fikr almashildi.
Muzokaralar yakunida tomonlar hamkorlik aloqalarini rivojlantirish va hamkorlikdagi loyihalarni kengaytirish hamda fikrlar almashinuvi jarayonlarini ko‘paytirishga kelishib oldi.