Toshkentda MDH mamlakatlari Savdo-sanoat palatalari rahbarlari kengashining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 29 aprel kuni Toshkent shahrida MDHga aʼzo davlatlar hududlarining birinchi forumi doirasida MDH mamlakatlari Savdo-sanoat palatalari rahbarlari kengashining “MDHning yagona iqtisodiy makonini shakllantirishda mintaqaviy hamkorlikning roli“ mavzusidagi navbatdan tashqari yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
2024 yil yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining MDH mamlakatlari bilan tashqi savdo aylanmasi 23,1 milliard AQSH dollariga yetdi. Shundan eksport hajmi 9 milliard dollarni, import hajmi esa 14 milliard dollarni tashkil etdi. O‘zbekiston hududlarida Hamdo‘stlik davlatlari kapitali ishtirokida 5,5 ming kompaniya samarali faoliyat yuritmoqda.
Yig‘ilishda O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi o‘rinbosarlari Dilshod Rasulov va Nodira Shotursunova, MDH Bosh kotibining o‘rinbosari Ilhom Nematov, Rossiya Iqtisodiy rivojlanish vazirligining O‘zbekistondagi vakili Ildus Xalitov hamda MDH davlatlari Savdo-sanoat palatalari rahbarlari ishtirok etdilar.
Muzokaralar chog‘ida hududlararo hamkorlikni rivojlantirish, iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash va samarali kooperatsiya mexanizmlarini yaratish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, Savdo-sanoat palatalari faoliyatini takomillashtirish, MDH davlatlari ishbilarmon doiralari o‘rtasida kooperatsion hamkorlikni kengaytirishga alohida eʼtibor qaratildi. Qo‘shma tashabbuslar va aniq takliflar ilgari surildi.
Yig‘ilish yakunida O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi Toshkent shahar hududiy boshqarmasi va Mordovaniya Respublikasi Savdo-sanoat palatasi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi bitim, shuningdek, O‘zbekiston va Qirg‘iziston Savdo-sanoat palatalari o‘rtasida ayollar tadbirkorligini rivojlantirish bo‘yicha anglashuv memorandumi imzolandi.
Yig‘ilish so‘ngida tomonlar ushbu muloqotni MDH doirasida iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish va yagona bozorni shakllantirish yo‘lida muhim qadam sifatida baholadilar.