Valyuta kurslari 18/08/2025
$1 – 12547.38
UZS – -0,27%
€1 – 14665.38
UZS – -0,22%
₽1 – 157.02
UZS – -0,46%
Qidirish
O‘zbekiston 13/08/2025 Toshkentda beshta asosiy ko‘chada tezlik cheklovini 80 km/soatga oshirish taklif qilindi

Toshkentda beshta asosiy ko‘chada tezlik cheklovini 80 km/soatga oshirish taklif qilindi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Toshkentda beshta ko‘chada harakat tezligi cheklovini oshirish rejalashtirilmoqda. Bu haqda 12 avgust kuni shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari Elmurod Alimov poytaxt xalq deputatlari Kengashi sessiyasida maʼlum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Bunyodkor, Sebzor, Axmad Donish, Yangi O‘zbekiston ko‘chalari va Toshkent halqa avtomobil yo‘lida hozirgi 60 km/soat tezlik cheklovini 80 km/soatga oshirish taklif etilmoqda.

Bundan tashqari, o‘tkazilgan tadqiqotlar va xalqaro tajriba asosida poytaxtning o‘n ikki ko‘chasida bir tomonlama harakat tizimini joriy etish taklifi ilgari surilgan (ko‘chalar ro‘yxati hozircha oshkor etilmagan). Mazkur chora tirbandlik va YHH xodisalarini kamaytirish, yo‘l harakati xavfsizligini oshirish hamda barcha qatnashchilar uchun qulaylik yaratishga qaratilgan.

Alimov shuningdek, elektr taʼminotidagi tez-tez uzilishlar svetoforlar ishida nosozliklarga olib kelayotganini, bu esa ayrim paytlarda yo‘llarda bir necha soatlab davom etadigan tartibsizlikka sabab bo‘layotganini taʼkidladi. Bunday hollarda YHHB xodimlari harakatni qo‘lda boshqarishga majbur bo‘ladi.

Ushbu muammoni hal etish uchun taxminan 500 ta uzluksiz elektr taʼminoti manbalari (UPS) svetoforlarga o‘rnatish rejalashtirilmoqda. Bu ularga tashqi elektr taʼminotisiz 5–6 soat avtonom rejimda ishlash imkonini beradi.

Eslatib o‘tamiz, 2023 yil yanvar oyida respublika komissiyasi Toshkentdagi Kichik halqa avtomobil yo‘li ichidagi ayrim uchastkalarda, shuningdek, Namangan va Urganch shaharlarida maksimal tezlik cheklovini 60 km/soat etib belgilagan edi. O‘sha yil aprel oyida esa Vazirlar Mahkamasi barcha shaharlarda, jumladan Toshkentda ham, tezlik rejimini 70 km/soatdan 60 km/soatga tushirdi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling