Toshkentda 7 nafar bola hovuzda cho‘kdi - 1 nafar bola vafot etdi.
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahrida 7 nafar bola xonadonlardagi hovuzda cho‘kishi oqibatida 2 nafari vafot etganligi haqida xabarlar tarqaldi. Mazkur holatlar yuzasidan prokuratura organlari tomonidan tegishli tekshiruvlar o‘tkazildi. Bu haqda O‘zbekiston Bosh prokuraturasi axborot berdi.
Aniqlanishicha, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga joriy yilning 12 may kunidan 10 iyul kuniga qadar Toshkent shahrining turli hududlardagi yashash manzillaridan 7 nafar voyaga yetmagan bolani cho‘kishi bilan bog‘liq murojaatlar kelib tushgan.
Shundan 4 nafar voyaga yetmagan bolaga davolanishdan so‘ng yashash manzillariga ruxsat berilgan, 2 nafar voyaga yetmagan bola davolanmoqda, shundan 1 nafarining ahvoli o‘ta og‘ir.
Shuningdek, 1 nafar bola qarovsiz qolganligi oqibatida xonadonda mavjud bo‘lgan basseynga tushib ketishi natijasida vafot etgan. Voyaga yetmagan bola tibbiy muassasaga olib borilgan vaqtda unda biologik o‘lim qayd etilgan.
Ushbu holat yuzasidan Chilonzor tumani prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.