Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Toshkent shahar hokimligida Rossiya Federatsiyasining Kamchatka o‘lkasi hukumati raisining o‘rinbosari Yuliya Morozova boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muzokarada Toshkent shahar hokimining birinchi o‘rinbosari Baxtiyor Rahmonov, hokim o‘rinbosari Sharof Raxmanov, "Toshkent Invest" kompaniyasi vakillari hamda boshqa mutasaddilar ishtirok etdi.
Uchrashuvda import va eksport, madaniy va ta’lim almashinuvi, sayyohlik, iqtisodiyot va oziq-ovqat ta’minoti kabi muhim sohalarda hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.
O‘zbekistondan meva-sabzavot mahsulotlari eksportini hamda Kamchatka o‘lkasidan dengiz mahsulotlari va baliq yetkazib berish hajmini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Uchrashuv har ikki tomonning ishbilarmonlik va madaniy aloqalarni mustahkamlashga intilishini namoyon etdi, bu esa qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.