Toshkent — Andijon tezyurar pullik avtomagistral tenderiga arizalar topshirish muddati 21 maygacha uzaytirildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Toshkent — Andijon to‘lovli avtomagistral qurilishi bo‘yicha tenderda ishtirok etish uchun arizalar topshirish muddati bir oyga uzaytirildi. Bu haqda O‘zbekiston Transport vazirligi xabar berdi.
Tender Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi tomonidan PwC, Arup and Partners va CMS Cameron McKenna konsorsiumi ko‘magida o‘tkazilmoqda. Tenderga ishtirok etish uchun dastlabki saralash (Request for Qualification — RFQ) jarayoni 2025 yil yanvar oyida boshlangan edi.
Yangi muddatga ko‘ra, RFQ topshirish uchun oxirgi sana — 21 may. Tushuntirish so‘rovlari (clarification request) esa 5 maygacha qabul qilinadi.
Tender ikki bosqichda o‘tkaziladi. Birinchi bosqichda ishtirokchilar dastlabki saralash uchun ariza topshiradi. Saralashdan o‘tgan kompaniyalar texnik va moliyaviy takliflarini taqdim etish uchun taklif qilinadi.
Tender g‘olibini 2026 yil aprelida aniqlash rejalashtirilgan.
Toshkent — Andijon o‘rtasidagi tezyurar to‘lovli avtomagistral qurilishi loyihasi 2019 yildan beri muhokama qilinayotgan edi. Yo‘lning eng muhim inshootlaridan biri Kamchik dovoni orqali yangi tonnel bo‘ladi. Qurilish 6 yil davomida 3 bosqichda amalga oshiriladi: Toshkent — Angren (78 km), Angren — Pap (93 km) va Pap — Andijon (143 km).
Yangi trassa bo‘ylab qatnov narxi avvalroq Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi tomonidan taxminan 5–6 dollar etib baholangan. Transport vaziri o‘rinbosari Jasurbek Cho‘riyev 2024 yil Toshkent xalqaro investitsiya forumida so‘zga chiqib, loyihaning dastlabki qiymati 4,65 mlrd dollar ekanini maʼlum qilgan edi. Biroq, 2024 yil oktyabr oyida yangilangan hisob-kitobga ko‘ra, bu ko‘rsatkich 4,28 mlrd dollarga tushirilgan.