Valyuta kurslari 25/04/2025
$1 – 12927.17
UZS – 0,29%
€1 – 14717.58
UZS – -0,02%
₽1 – 155.73
UZS – -0,2%
Qidirish
Sport 13/02/2025 To‘rt yil davomida O‘zbekiston sportga 3 trln so‘m sarmoya kiritdi

To‘rt yil davomida O‘zbekiston sportga 3 trln so‘m sarmoya kiritdi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Prezident raisligida 2028 yilgi Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlariga tayyorgarlikni kuchaytirish, ommaviy sportni yangi bosqichga olib chiqish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi boshlandi.

“O‘z oldiga buyuk maqsadlar qo‘ygan xalq faqat sog‘lom va baquvvat bo‘lgan taqdirdagina ko‘zlagan marralariga erisha oladi. El-yurtning sog‘lom bo‘lishi, ulkan ishlarga qodir bo‘lishida esa, hech shubhasiz, jismoniy tarbiya va sportning ahamiyati beqiyos.

Bugun biz dunyoga ochiq, ijtimoiy va iqtisodiy rivojlangan davlat – Yangi O‘zbekistonni barpo etish bo‘yicha o‘z oldimizga katta maqsadlar qo‘ymoqdamiz.

Har bir inson, har bir ota-onaning orzusi va niyati jismoniy va maʼnaviy barkamol avlodni tarbiyalashdir. Bunga esa jismoniy tarbiya va sportsiz erishib bo‘lmaydi.

Bir so‘z bilan aytganda, sport – sog‘lom xalq, sog‘lom jamiyatning tayanch ustunidir. Shu bilan birga, sport – bu avvalo tinchlik elchisi, har bir davlat uchun milliy g‘urur manbai”, - dedi davlatimiz rahbari so‘zining avvalida.

Kecha qishki Osiyo o‘yinlarida sportchilarimiz so‘nggi 26 yilda ilk bor figurali uchish bo‘yicha juftliklar orasida oltin medalni qo‘lga kiritgani mamlakatimiz sport tarixida yangi sahifa bo‘ldi.

Shu bilan birga, futbol bo‘yicha O‘zbekiston amputantlar terma jamoasi Bangladeshda o‘tgan Osiyo chempionati g‘olibiga aylandi.

Tailandda velosport va para velosport bo‘yicha Osiyo chempionatida yoshlarimiz umumjamoa hisobida 1-o‘rinni egalladi.

Prezidentimiz barcha sportchilarimiz, ularning murabbiy va ota-onalarini qo‘lga kiritilgan yuksak yutuqlar bilan tabrikladi.

Yig‘ilishda taʼkidlanganidek, sport sohasini shunchaki o‘yin va musobaqalar emas, millat genofondi, mamlakatning qudrati va obro‘-eʼtiborini butun dunyoga tarannum etadigan eng taʼsirchan vosita, eng ustuvor vazifa deb bilishimiz shart.

Shu bois Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik bo‘yicha birinchi marta bunday katta yig‘ilish o‘tkazilayotgani qayd etildi.

Islohotlarning ilk kunlaridanoq boshqa sohalar qatori jismoniy tarbiya va sport rivojiga ham katta eʼtibor berilmoqda.

So‘nggi to‘rt yilda byudjetdan sportga ajratilayotgan mablag‘ 1,5 trillion so‘mdan 3 trillion so‘mga oshdi, murabbiylarning o‘rtacha maoshi 2 barobar ko‘paydi, 101 ta yirik sport obyektlari yangidan qurildi, 67 tasi rekonstruksiya qilindi.

Sportchilarimizning Parijda erishgan yutuqlari bu islohotlarning yorqin natijalari hisoblanadi.

Eng asosiysi, bu natijalar yoshlarimizni, ota-onalarni sportga bo‘lgan munosabatini o‘zgartirdi. Ko‘p yoshlarimizda “Men ham chempion bo‘laman”, degan shijoat paydo bo‘ldi.

Parijda erishilgan natijalar bilan xotirjamlikka berilmaslik kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.

Los-Anjeles-2028 Olimpiya o‘yinlarida kuchli o‘ntalikka kirish maqsad qilingan. Buning uchun mutasaddi rahbarlardan tortib, tuman hokimlarigacha barcha qattiq ishlashi kerakligi qayd etildi.

Olimpiya o‘yinlaridagi tariximiz faqatgina yakkakurash sport turlari bilan yozilayotgani ko‘rsatib o‘tildi. Oxirgi Olimpiadada faqat 5 ta sport turi – boks, dzyudo, taekvondo, og‘ir atletika va erkin kurash bo‘yicha medal qo‘lga kiritilgan.

Sport federatsiyalarining har biriga vazirlar va respublika tashkilotlari rahbarlari saylangan, lekin ayrimlarining faoliyati mavjud salohiyatga mos emasligi qayd etildi.

Viloyat, tuman, mahallaga borganda, sportchi va trenerlar bilan uchrashish, ularning muammosini hal qilish, xorijiy yoki xalqaro federatsiyalar rahbarlari bilan hamkorlik qilish, sportchi va murabbiylarni o‘quv mashg‘ulotlariga yuborish ishlari sustligi tanqid qilindi.

Prezidentimiz mavjud salohiyat to‘liq ishga solinmayotgan sport turlariga alohida to‘xtaldi.

Masalan, badmintonda birorta litsenziya qo‘lga kiritilmagan. Kamondan otish sport turi bo‘yicha bor-yo‘g‘i 3 ta litsenziya olingan.

Olimpiya o‘yinlarida yengil atletika turlari bo‘yicha 48 ta dastur bor. Lekin yengil atletika federatsiyasi so‘nggi olimpiadada 5 ta litsenziya qo‘lga kiritdi, xolos.

Yadro, disk, nayza uloqtirish, sakrash sport turlarida birorta litsenziya olinmadi. Yoki, 49 ta suv sporti dasturidan bor-yo‘g‘i 4 tasi bo‘yicha litsenziya qo‘lga kiritilgan.

O‘q otish sportini rivojlantirish uchun mudofaa tizimi va “Vatanparvar” tashkilotida barcha sharoit yaratilgan. Lekin birorta sportchimiz Olimpiadaga bormadi. 

Yurtimizda yakkakurash sport turlari, milliy kurash rivojlangan bo‘lsa-da, yunon-rum kurashi bo‘yicha atigi 3 ta litsenziya olingan.

O‘tgan yili baydarka va kanoeda eshkak eshish bo‘yicha jahon chempionati ilk bor yurtimizda o‘tkazildi. Lekin unda yurtimiz birorta ham medal qo‘lga kiritmadi.

Hokimlarning ham bu boradagi masʼuliyati umuman sezilmayotgani qayd etildi. Ular sport federatsiyalarining hududiy bo‘limlari rahbarlarini tanimasligi, sportchi va trenerlarni qabul qilmasligi, sportchilar xalqaro musobaqada natija qilganidan keyingina bundan xabar topishi ko‘rsatib o‘tildi.

Masalan, o‘tgan yili olimpiya sport turlari bo‘yicha o‘tkazilgan jahon chempionatlarida sportchilarimiz 58 ta medal qo‘lga kiritdi. Lekin Navoiy, Surxondaryo va Qashqadaryo sportchilari bu chempionatlarda birorta ham medal olmagan.

Parij Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlariga qo‘lga kiritilgan litsenziyalar Navoiy va Qoraqalpog‘istonda eng kam.

Shu bois yondashuvlarni hozirdan o‘zgartirib, yoshlarni sportga, ayniqsa, olimpiya sport turlariga tayyorlash, ularni seleksiya qilish, iqtidorli sportchi va murabbiylarni rag‘batlantirish bo‘yicha mutlaqo yangi tizim yaratish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

Sportda adolat o‘rnatish, sportchi va murabbiylarga manfaat olib kelish va sohani raqamlashtirish mutasaddilar, sport federatsiyalari rahbarlari va hokimlar faoliyatini baholashda bosh mezon bo‘lishi belgilab olindi.

Prezidentimiz olimpiya va paralimpiya harakatini rivojlantirish, seleksiya tizimini takomillashtirish bo‘yicha yangi tashabbuslarni ilgari surdi.

Los-Anjelesdagi yozgi Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida Olimpiya qo‘mitasining hududiy bo‘limlarini tashkil etish tashabbusi qo‘llab-quvvatlandi.

Milliy Olimpiya qo‘mitasiga Prezident rahbar bo‘lganidek, hududiy bo‘limlarga viloyat hokimlari boshchilik qiladi.

Hokimlar har bir federatsiya bilan ishlab, olimpiya sikli uchun maxsus strategiyasini ishlab chiqadi va Milliy olimpiya qo‘mitasi huzurida himoya qiladi.

Barcha sport federatsiyalari rahbarlari va viloyat hokimlari amalga oshirayotgan ishlari va erishgan natijalari haqida har oyda Olimpiya qo‘mitasida hisobot beradi.

Sportchilarni kelgusi Olimpiadaga tayyorlash uchun zarur sharoit va infratuzilmaga 300 milliard so‘m ajratilishi belgilandi.

Bu yilning o‘zida kamida 10 nafardan sportchi va murabbiylarni eng nufuzli xorijiy sport akademiyalarida o‘qitish muhimligi taʼkidlandi.

Shuningdek, oldingi Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlari natijasiga qarab, sport turlari differensial yondashuv asosida 3 ta toifaga ajratiladi.

Bizda boks, dzyudo, taekvondo, erkin kurash, og‘ir atletika yo‘nalishlari ustuvor bo‘lib kelgan. Lekin bu federatsiya rahbarlari xotirjamlikka berilmasdan, medallar sonini 2 karra oshirishni o‘z oldiga maqsad qilishi kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.

Shu bilan birga, yunon-rum, ayollar kurashi, kamondan otish, qilichbozlik bo‘yicha bizda sharoit ham, iqtidorli sportchilar ham yetarli.

Kelgusi Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlarida bu sport turlari bo‘yicha natija ko‘rsatish uchun hozirdanoq xorijiy mutaxassislarni jalb qilib, sportchilarni jismoniy va ruhiy tayyorgarligi bilan astoydil shug‘ullanish topshirildi.

Istiqbolli bo‘lgan yengil atletika, velosport, eshkak eshish, suzish, o‘q otish kabi 22 ta sport turi bo‘yicha litsenziyalarni 3-4 karra ko‘paytirish va medallar uchun kurashga qattiq kirishish lozim.

Bundan tashqari, sinxron suzish, triatlon, voleybol, basketbol, gandbol, badminton kabi rivojlanayotgan 17 ta sport turida litsenziyalarni qo‘lga kiritish juda muhimligi taʼkidlandi.

Ushbu federatsiya rahbarlari mahallagacha tushib, yosh iqtidorlarni aniqlashi, bittadan sport maktabini tanlab, baza qilishi, infratuzilmasini yaxshilashi va malakali murabbiylar bilan taʼminlashi zarurligi qayd etildi.

Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlarida sportchilarning muvaffaqiyatli ishtirokini taʼminlash uchun joylardagi 310 ta sport maktablari milliy terma jamoalarning “seleksiya bazasi”ga aylanadi.

Barcha viloyatlardagi sport boshqarmalari boshliqlari hamda barcha sport maktablari direktorlarining faoliyatini tubdan kuchaytirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi. Sport boshqarmalari boshliqlariga shaxsiy masʼuliyatini oshirishga qaratilgan uch oylik sinov tayinlandi.

Mutasaddilarga har bir maktab bo‘yicha aniq maqsadlarni belgilab, uch yillik dastur qilish topshirildi.

Jismoniy tarbiya universiteti, Nukus, Farg‘ona, Samarqand kabi sport fakulteti bo‘lgan oliygohlar professor-o‘qituvchilari, ilmiy xodimlari, bitiruvchi kurs va magistratura talabalarining olti oyga sport maktablariga biriktirish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.

Ular diplom ishi va dissertatsiyalarini bevosita joylardagi muammolardan kelib chiqib yozishi va ularga amaliy yechim berishi muhimligi taʼkidlandi.

Oliygoh rektorlari yangi metodika va yondashuvlarni bevosita shu yerda joriy qilib, sport maktablarini dual taʼlimning ilmiy-amaliy bazasiga aylantiradi.

Hududlarning o‘ziga xosligi, yoshlarning qiziqishi va iqtidoridan kelib chiqib, 56 ta sport maktabi olimpiya sport turlariga moslashtirildi. Ushbu maktablar milliy terma jamoalarga asosiy zaxira bo‘ladi.

Shu bois, hududlardan tanlab olingan eng sara yoshlar bu maktablarda individual reja asosida maqsadli tayyorlanadi.

Viloyat hokimlari oldiga ushbu 56 ta sport maktabini yotoqxona va zarur sport jihozlari bilan to‘liq taʼminlash vazifasi qo‘yildi.

Sport vazirligiga bu maktablar uchun ilg‘or xorijiy tajriba va chuqur ilmga asoslangan metodika yaratish topshirildi.

Yilda ikki marta hududlarda olimpiya sport turlari bo‘yicha “Yangi O‘zbekiston Olimpiya cho‘qqilari” musobaqalarini o‘tkazish yo‘lga qo‘yiladi. Tuman va viloyat sovrindorlarini hokimlar rag‘batlantirib boradi.

Viloyat bosqichi g‘oliblari har yili 10-20 dekabr kunlari Olimpiya shaharchasida o‘tkaziladigan Prezident olimpiadasida ishtirok etadi.

Musobaqa g‘oliblari uy, avtomobil kabi qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlanadi. Birinchi va ikkinchi o‘rinni olgan sportchilar Respublika olimpiya va paralimpiya markaziga qabul qilinadi.

Bunda 1-2 kurs o‘quvchilariga stipendiya to‘lash yo‘lga qo‘yiladi.

Joylarda yosh iqtidorlarni aniqlab, ularni tayyorlaydigan insonlar – birinchi murabbiylardir.

Lekin, bugungi kunda sportchilarni erishgan natijasi uchun faqat sport maktablari yoki terma jamoa murabbiylari rag‘bat olayapti.

Prezidentimiz bu adolatdan emasligini qayd etib, endilikda sportchilarni yetishtirib chiqargan birinchi murabbiylarga sportchilar va terma jamoa murabbiylari uchun ko‘zda tutilgan rag‘batning 10 foizgacha qismini mukofot sifatida berilishini taʼkidladi. 

So‘nggi uch yilda parasport bilan muntazam shug‘ullanuvchilar 4 karra ko‘payib, 7 mingdan oshdi, ayol parasportchilar ulushi 29 foizga yetdi.

Ilgari bu toifadagi yoshlar uchun atigi 33 ta maktabda sport to‘garaklari bor edi, bugun bunday maktablar soni 235 taga yetdi.

Shu bilan birga, nogironligi bo‘lgan shaxslarni sportchi qilib tayyorlashda ilmga asoslangan metodika, standartlar, o‘quv adabiyotlari yetishmasligi, sodda qilib aytganda, sog‘lom sportchilar uchun talablar shunday ko‘chirilib qo‘yilgani sababli bu sohada “katta sakrash” bo‘lmayapti.

Shu bois har yili kamida 100 nafar nogironligi bo‘lgan sportchilar va ularning murabbiylari malaka oshirish uchun xorijga yuboriladi.

Adaptiv sport turlari assotsiatsiyasi A.I.Gersen nomidagi Rossiya davlat pedagogika universiteti bilan hamkorlikda nogironligi bo‘lgan yoshlarni sport bilan qamrab olish bo‘yicha ilmiy asoslangan metodika va standartlarni ishlab chiqadi. Universitetning Toshkentdagi filialida adaptiv sport bo‘yicha alohida fakultet ochiladi.

Shuningdek, hududlardagi 39 ta sport maktabi parasport turlariga ixtisoslashadi.

Parasportchilar, ayniqsa nogironligi bo‘lgan qizlarning imkoniyatiga qarab, boshqa sportchilar bilan birga shug‘ullanishiga sharoit yaratish muhimligi taʼkidlandi.

Sportchi va parasportchilarni tayyorlaydigan murabbiylarga malaka sertifikati berish va ularni qayta tayyorlash tizimi soddalashtiriladi.

Bu toifadagi yoshlardan terma jamoalarni shakllantirish bo‘yicha seleksiya tizimi boshqa sportchilar bilan bir xil bo‘lib qolgani ko‘rsatib o‘tildi. Masalan, bugungi kunda faqat respublika musobaqalari sovrindorlari terma jamoaga qabul qilinayapti.

Nogironligi bo‘lgan sportchilar uchun bu tizim mutlaqo o‘zgartiriladi. Bundan buyon yoshlar musobaqa natijasiga qarab emas, balki sport normativlarini bajarishiga qarab ham terma jamoaga qabul qilinadi.

Sport musobaqalari va sport yig‘inlarini tashkil qilishda olimpiya va paralimpiya tizimiga o‘tiladi. Endi qayerda qanday chempionat bo‘lsa, unga yonma-yon parasport musobaqasi ham o‘tkaziladi, yig‘inlar ham birgalikda tashkil qilinadi.

Bu haqiqiy inklyuziv tizimga aylanadi, nogironligi bor sportchilar uchun motivatsiya va rag‘bat bo‘ladi. 

So‘nggi yillarda sportga xususiy sektor kirib keldi.

Lekin olimpiya sport musobaqalari haligacha faqat davlat sport maktablari o‘rtasida o‘tkazilayapti. Yaʼni, bu musobaqalar xususiy klublar uchun yopiq. Xususiy klublar faqat noolimpiya sport musobaqalarida qatnashib yurishga majbur.

Davlat sport maktablariga katta mablag‘ berilayapti. Lekin, terma jamoalardagi yoshlarning atigi 20 foizi shu maktablardan chiqayapti.

Endilikda xususiy sport klublarining yagona reyestri yuritilishi, ularning faoliyati bo‘yicha standart va mezonlar yaratilishi belgilandi. Yoshlarning qamrov darajasiga qarab klublarga bepul sport jihozlari ajratiladi. Xususiy trenerlarga o‘zini o‘zi band qilish huquqi beriladi.

Muhimi, xususiy klublardagi yoshlarimiz barcha musobaqalarda o‘z nomidan ishtirok etishi mumkin bo‘ladi va natijasiga qarab terma jamoalarga qabul qilinadi.

Shuningdek, Toshkent shahrida 5 ta, viloyatlarda 1 tadan past quvvatlarda ishlayotgan sport maktabini xususiy sheriklikka berish bo‘yicha loyihalarni boshlashga ko‘rsatma berildi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling