Tokioda O‘zbekistonning IT-sohadagi autsorsing va investitsiya salohiyati namoyish etildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Tokiyo shahrida Raqamli texnologiyalar vazirligi va IT Park Uzbekistan ishtirokida tashkil etilgan “Uzbekistan Outsourcing Conference ” tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad O‘zbekistonning axborot texnologiyalari sohasidagi sarmoyaviy va inson resurslari salohiyatini taqdim etish, shuningdek, Yaponiya IT kompaniyalari bilan bevosita aloqalarni o‘rnatishdir.
Yig‘ilishda vazirlik va IT Park vakillari IT-sohani davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash, rivojlangan infratuzilma, soliq imtiyozlari, shuningdek, xorijiy investorlar uchun keng imkoniyatlar haqida atroflicha so‘zlab berdi. IT-mutaxassislarni tayyorlash dasturlariga alohida e’tibor qaratildi.
Tadbir ochilishida Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov O‘zbekistonning Yaponiyadagi elchisi M. Abdurahmonov va so‘zga chiqib, O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi raqamli hamkorlik, IT sohasidagi islohotlar va investitsiya imkoniyatlari haqida ma’lumot berishdi.
Vazir maslahatchisi Akihiro Sakurai O‘zbekistonning raqamli rivojlanish strategiyasi va yapon kompaniyalari uchun yangi imkoniyatlar haqida gapirdi. Shuningdek, IT Park tomonidan O‘zbekistondagi outsourcing imkoniyatlari, IT-viza, Zero Risk dasturi va IT kadrlar salohiyati haqida taqdimot o‘tkazildi.
JETRO vakili O‘zbekistondagi biznes muhiti va sarmoya imkoniyatlari haqida ma’lumot berdi. Digital Knowledge kompaniyasi vakili Noguchi Yasuyuki O‘zbekistonda olib borayotgan ta’lim loyihalari haqida fikr bildirdi. CICC kompaniyasidan Kotaro Okada ham O‘zbekiston bilan hamkorlik yo‘nalishlari haqida so‘z yuritdi.
Tadbir davomida “Side International”, “CrossCat”, “Outsourcing Technology Inc.” kompaniyalari bilan alohida uchrashuvlar o‘tkazildi.
Yakunda “Rakuten”, “Mitsubishi Corporation”, “ULTRA X”, “Sojitsu Corporation”, “Daiwa House Group”, “FPT Consulting Japan”, “NEC”, “Aioi Nissay Dowa Insurance” kabi yirik kompaniyalarga 24 iyul kuni bo‘lib o‘tadigan “Global Business Service Forum” tadbiriga rasmiy taklifnomalar topshirildi.
Mazkur konferensiya Yaponiya kompaniyalari uchun O‘zbekistonning raqamli ekotizimi va hamkorlik istiqbollarini chuqurroq o‘rganish uchun muhim platforma bo‘ldi. Tadbirda 160 dan ortiq kompaniyalardan 200 ga yaqin vakillar ishtirok etdi. Ulardan 20 dan ortig‘i O‘zbekiston bozoriga qiziqish bildirgan.