Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Ijtimoiy himoya milliy agentligi hamda Turk hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi (TIKA) o‘rtasida joriy yilning 8-fevral sanasida tuzilgan shartnomaga asosan Farg‘ona shahridagi nogironligi bo‘lgan bolalar uchun "Muruvvat" internat uyiga 67 turdagi zamonaviy reabilitatsiya jihozlari topshirildi. Bu haqda O‘zbekiston Milliy ijtimoiy himoya agentligi xabar berdi.
Umumiy qiymati 110 ming AQSh dollarini tashkil qiluvchi mazkur jihozlar bolalarning muolaja va ta’lim olish sharoitlarini yanada yaxshilash imkonini berishi bilan ahamiyatlidir.
TIKAning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Ali Rıza Tezjan bilan o‘zaro ishonch va samimiy ruhda kechgan suhbat davomida xalqaro hamkorlikka oid istiqboldagi loyihalar haqida so‘z bordi.
Shu kuni mehmonlar muassasada yashovchi bolalarning bayram tadbiridagi quvonchlariga sherik bo‘lishdi. Ikki birodar xalqning san’ati, urf-odatlari, orzu-istaklari mushtarak ekani namoyon bo‘ldi.
2024-yil boshidan buyon ushbu muassasada 11 nafar bola mustaqil harakatlanish va o‘ziga xizmat ko‘rsatish ko‘nikmalariga ega bo‘ldi hamda oilasi bag‘riga qaytarildi.