"TENGE BANK" AJ reklama qonunchiligini buzgani uchun jarimaga tortildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Raqobat qo‘mitasi tomonidan o‘tkazilgan monitoringlar natijasida reklama qonunchiligi buzilish holatlari aniqlandi.
O‘tkazilgan monitoringlarda ommaviy axborotlarda “TENGE BANK” ATB tomonidan “TENGE 24” orqali “Osongina” onlayn mikro qarz 50 mln so‘mgacha beramiz” mazmunidagi joylashtirilgan reklamalar aniqlangan.
Mazkur reklama axborotlarida “Reklama to‘g‘risida”gi Qonunining 43-moddasi talablariga asosan moliyaviy xizmatlarni ko‘rsatishda shartnomaning muhim shartlari (mikro qarz yillik foizi, mikro qarz muddati, mikro qarz miqdori) ko‘rsatilmaganligi maʼlum bo‘ldi.
Yuqoridagi holatlar yuzasidan Qo‘mita Maxsus komissiyasi tomonidan “TENGE BANK” ATBga nisbatan “Reklama to‘g‘risida”gi Qonunining tegishli moddalari talablari buzilishi yuzasidan ish qo‘zg‘atilib, ishni ko‘rib chiqish yakunlari bo‘yicha moliyaviy jarima qo‘llanildi.
Shuningdek, qonunbuzilish holatini bartaraf etish va kelgusida yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan ko‘rsatma berildi.