Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti (IHT) Oliy darajadagi qo‘mitasi yig‘ilishida ishtirok etish uchun Tehronga tashrif buyurgan O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Bobur Usmonov Eron Islom Respublikasi tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Sayid Rasul Mohajer bilan uchrashdi.
Muzokaralarda turli sohalardagi ikki tomonlama munosabatlarning holati va istiqbollari muhokama qilindi. Ikki mamlakatning savdo-iqtisodiy sohadagi o‘zaro hamkorligiga, jumladan, ikki mamlakat hududlari o‘rtasidagi aloqalarni faollashtirishga alohida e’tibor qaratildi.
O‘zaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish va savdo-iqtisodiy aloqalarni faollashtirishga qaratilgan hududlararo transport-logistika loyihalarini amalga oshirish masalalari ko‘rib chiqildi.