Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistondagi eng katta raqamli bank — TBC Bank ikki yil muddatga 10 mln AQSH dollariga teng o‘zbek so‘midagi korporativ obligatsiyalarning ikkinchi seriyasi joylashtirilganini e’lon qildi.
Qimmatli qog‘ozlar "Toshkent" Respublika fond birjasida savdoga chiqarildi. Bu shartnoma kompaniyaning qanchalik tez o‘sayotgani va mamlakat moliya sohasini rivojlantirishga qo‘shayotgan hissasini ko‘rsatib berdi.
Obligatsiyalar hajmi 128 mlrd so‘mni, daromadliligi esa 24 foizni tashkil qildi. Bu O‘zbekistonda raqamli bank chiqargan eng yirik obligatsiya va mamlakat miqyosida eng katta korporativ shartnomalardan biri. TBC Capital va Avesta Investment Group birgalikda ushbu bitim tashkilotchilari bo‘lishdi. Yig‘ilgan pullar kelgusida TBC biznesining O‘zbekistondagi daromadini yanada oshirishga sarflanadi. Bu obligatsiyalar hajmi dastlabkisidan uch baravardan ko‘proq bo‘lib, u investorlarning bankning o‘sish strategiyasiga va uning bozordagi mustahkam o‘rniga ishonishini ko‘rsatadi. TBC Bank, payme ilovasi va payme nasiya muddatli to‘lov xizmati TBC Uzbekistan ekotizimining tarkibiga kiradi va 17 mln foydalanuvchiga ega. 2024-yilda TBC Uzbekistan yuqori sur’atda o‘sdi: yilning dastlabki to‘qqiz oyida kompaniyaning kredit portfeli yillik hisobda 99 foizga oshib, 460 mln AQSH dollariga yetdi, umumiy operatsion daromad 94 foizga oshib, 102 mln AQSH dollarini tashkil qildi.
Nika Kurdiani, TBC Uzbekistan bosh direktori: "Ushbu muvaffaqiyatli chiqarilgan qimmatli qog‘ozlar investorlarning “TBC Uzbekistan”ning yuqori natijalari, texnologik innovatsiyalari va kompaniyaning tez rivojlanayotgan O‘zbekiston bozoridagi imkoniyatlardan to‘liq foydalanish qobiliyatiga ishonchini ko‘rsatadi. Bizning eng muhim vazifamiz — moliyaviy xizmatlarning qulayligi va ommabopligini oshiradigan innovatsion yechimlarni yaratish. Daromadli o‘sish strategiyasi doirasida biz moliyalashtirish manbalarini diversifikatsiya qilishga va shu bilan birga mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirishga hissa qo‘shishga intilamiz".
Bitim TBC Capital va Avesta Investment Group tomonidan hamkorlikda tuzildi. Ularning kapital bozorlaridagi tajribasi jarayonning muvaffaqiyatida hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘ldi. Kompaniyalarning strategik yordami va shartnomani mukammal ishlab chiqilganligi qimmatli qog‘ozlarni barcha manfaatdor tomonlar kutganidek chiqarishga imkon berdi.
Jarayonda yetakchi institutsional investorlar ham ishtirok etishdi: Abu Dhabi Uzbek Investment (ADUI) chiqarilgan obligatsiyalarning 70 foizini, Ozarbayjon-O‘zbekiston investitsiya kompaniyasi (OO‘IK) esa qolgan 30 foizini sotib oldi. ADUI va OO‘IK — Abu-Dabi taraqqiyot jamg‘armasi, Ozarbayjon Iqtisodiyot vazirligi va O‘zbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi yordamida tashkil etilgan yirik kvazidavlat investitsiya fondlaridir.
2024-yil TBC Uzbekistan uchun jalb qilingan mablag‘lar bo‘yicha rekord yili bo‘ldi: obligatsiya qarzlarini chiqarishdan tashqari, bank kapitalga 75 mln AQSH dollari miqdorida investitsiyalar va 105 mln AQSH dollari hajmida boshqa moliyaviy mablag‘lar jalb qildi. Ushbu mablag‘lar bankning tez o‘sishini qo‘llab-quvvatlash uchun kredit portfelini kengaytirish va moliyalashtirish manbalarini diversifikatsiya qilish imkonini berdi. Moliyalashtirish bo‘yicha asosiy hamkorlar quyidagilar bo‘ldi: FMO (40 mln AQSH dollari miqdoridagi kredit), responsAbility Investments AG (umumiy summasi 20 mln AQSH dollari bo‘lgan kredit liniyalari), BlueOrchard (25 mln AQSH dollari miqdoridagi qarz mablag‘lari) va Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki Global Gender-Smart Fund (GGSF) bilan birgalikda Triple Jump orqali (10 mln AQSH dollari miqdoridagi kredit).
Sarvar Hamidov, Abu Dhabi Uzbek Investment bosh ijrochi direktori: "Biz TBC Bankning ushbu muhim obligatsiyalar chiqarilishida ishtirok etayotganimizdan xursandmiz va O‘zbekiston hamda uning moliya sohasining jadal iqtisodiy o‘sishiga ishonamiz. Bu bitim TBC Bankning mamlakatdagi yetakchi raqamli bank sifatidagi o‘rnini va uning innovatsiyalarni rivojlantirish hamda moliyaviy xizmatlar ommabopligini oshirishdagi strategik rolini ko‘rsatib beradi. Joylashtirishda ishtirok etish orqali biz O‘zbekiston iqtisodiyotini faol diversifikatsiya qilishni va barqaror raqamli moliyaviy ekotizimlarni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlamoqdamiz. Bu esa biznes uchun yangi imkoniyatlar yaratadi va mamlakat aholisining yashash sifatini yaxshilaydi."
Nazim Gadjiyev, Ozarbayjon-O‘zbekiston investitsiya kompaniyasi bosh direktori: "TBC Bank obligatsiyalarini chiqarishi va ularni OVIK sotib olishi mintaqa moliya bozorini rivojlantirishdagi muhim voqeadir. Ushbu bitim O‘zbekistonga investitsiya kiritishga qiziqishining ortishi va xalqaro investorlarning mamlakat iqtisodiyotining barqarorligi hamda rivojlanish salohiyatiga ishonchini ko’rsatadi."
"OVIK bank sohasi va moliyaviy texnologiyalar kabi strategik ahamiyatga ega sektorlarning o‘sishiga hissa qo‘shadigan kompaniyalarga sarmoya kiritadi. Ushbu bitim TBC Bankning moliyaviy imkoniyatlarini kengaytirishi va bankka muvaffaqiyatli o‘sish, innovatsiyalarni joriy qilish hamda mamlakat biznesi va aholisi uchun sharoitlarni yaxshilash imkonini berishiga ishonamiz. Obligatsiyalarni chiqarishdagi ishtirokimiz barqaror o‘sayotgan biznes bilan hamkorlik qilish maqsadimizga mos va rivojlanayotgan bozorlarga uzoq vaqtli investitsiyalar kiritish uchun yangi imkoniyatlar ochadi." - deya qo'shimcha qildi u.