Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2024-yil O‘zbekistonda taksi bozorini legallashtirish yo‘lidagi muhim bosqich bo‘ldi. Soliq qo‘mitasi ushbu sohadagi shaffoflikni ta’minlab, agregatorlar integratsiyasi orqali qonuniy aylanmani o‘sishiga va yashirin faoliyat ulushini kamayishiga erishdi.
2024-yil yakunlariga ko‘ra, 155 ta taksi agregatori soliq organlari axborot tizimlari bilan integratsiya qilingan. O‘tgan yili aprelda 6 ta, avgustda 142 ta edi.
Jami 320 mln marta yo‘lovchi tashish amalga oshirilgan. Yo‘lovchi tashish aylanmasi 5,9 trln so‘mga yetdi. Shundan: 4,5 trln so‘m yoki 76,3% – naqd to‘lovlar, 1,4 trln so‘m yoki 23,7% – naqdsiz to‘lovlar.
O‘rtacha bitta chek 18 456 so‘mni tashkil etgan (avgustda 18 000 so‘m).
Agregatorlar orqali yo‘lovchi tashish bilan 498 mingga yaqin o‘zini o‘zi band qilgan haydovchilar shug‘ullanmoqda. Haydovchilarning yarmidan ko‘pi (57%) 30-50 yoshda – 283 680 kishi, 30 yoshgacha – 179 245 kishi (36%), 50 yoshdan kattalar – 35 004 kishi (7%).
Shundan ayol haydovchilar soni deyarli 4 barobarga oshgan: o‘tgan yil boshida 1 053 nafar, yil oxiriga kelib 4 124 nafar ayol faoliyat yuritmoqda.
Yil davomida taksi xizmatini ko‘rsatgan 4,7 mingga yaqin haydovchi 100 mln so‘mdan ortiq daromad olgan. 23,1 ming haydovchi – 50-100 mln so‘m, 114,6 ming haydovchi – 10-50 mln so‘m, 63,5 ming haydovchi – 5-10 mln so‘m, 136,4 ming haydovchi – 1-5 mln so‘m, 155,5 ming haydovchi – 1 mln so‘mgacha daromad oldi.
Eng ko‘p foydalanilayotgan avtomobillar: Nexia – 17,8%, Cobalt – 16,9%, Lacetti – 13,9%. Elektromobillar esa 1,2%ini tashkil etadi.
Avtomobillarning yoshi (ishlab chiqarilgan yiliga asoslangan): 1-3 yil – 10,4%, 3-5 yil – 9%, 5-10 yil – 23,6%, 10 yildan ortiq – 56,9%.