Surxondaryoda ekstremistik g‘oyalar taʼsiriga tushib qolgan shaxslarga nisbatan sud hukmi o‘qildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Davlat xavfsizlik xizmatining Surxondaryo viloyati bo‘yicha Boshqarmasi xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi qaroriga binoan terrorchilik tashkiloti deb tan olingan va mamlakatimizda faoliyati taʼqiqlangan “Tavhid va jihod katibasi” terrorchilik tashkiloti tarafdorlaridan iborat noqonuniy guruh faoliyatiga chek qo‘yildi.
Taʼkidlash lozimki, guruh aʼzolari orasida muqaddam ekstremistik g‘oyalar bilan bog‘liq sodir etgan jinoyatlari uchun 2021 yilda yengillik qo‘llanilib, shartli ozodlik bilan ochiqlikda qoldirilgan shaxslar ham bor.
2024 yilda tashkil etilgan guruh aʼzolari viloyatning tog‘oldi hududlarida hordiq chiqarish niqobi ostida o‘tkazilgan diniy yig‘inlarda terrorchilik tashkilotlari g‘oyaviy rahnamolarining maʼruzalarini tinglab, Suriya davlatiga borib, jangarilar safida “jihod” qilish va o‘zlarini portlatish yo‘li bilan “shahid” bo‘lish masalalarini muhokama qilishgan.
Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlar orqali “Tavhid va jihod katibasi” tashkiloti yollovchilari bilan muloqot o‘rnatib, ular yuborgan qo‘lbola portlovchi qurilmalar va zaharlovchi moddalar tayyorlashning elektron yo‘riqnomalari yordamida keyinchalik qo‘poruvchilik harakatlarini amalga oshirishni reja qilishgan.
Shu maqsadda “Telegram” messenjeridagi yopiq guruhda xorijdagi terrorchilar ko‘magida portlovchi moddalar tayyorlash bo‘yicha nazariy bilimlarni o‘rganishgan.
Taʼkidlash joizki, jinoiy guruhning 4 nafar aʼzosi Internetdagi targ‘ibotlar taʼsirida Suriyadagi jangarilar safiga borib qo‘shilishga ulgurgan. Natijada ularga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, rasmiy qidiruv eʼlon qilingan.
Guruhning 20 nafar faol aʼzosiga nisbatan sud hukmi o‘qildi va ular Jinoyat Kodeksining 155, 155-2, 155-3, 159, 244-1 va 244-2 moddalari bilan aybli deb topilib, qilmishlariga mos ravishda 6 yildan 13 yilgacha ozodlikdan mahrum etildi.
Guruhning qolgan aʼzolariga nisbatan esa insonparvarlik prinsiplari bilan yengillik qilinib, kechirimlilik siyosati qo‘llanildi.