Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi Respublika pediatriya markazida metapnevmovirus bilan kasallangan bolalar soni ortib, markaz to‘lib-toshgani haqidagi xabarlarni asossiz deb rad etdi.
Vazirlik ayrim Telegram-kanallarda tarqalgan ma’lumotlarni haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini ta’kidladi.
Vazirlikning tushuntirishicha, bemorlar oqimining vaqtincha ko‘payishi markazning beshta bo‘limida — yangi tug‘ilgan chaqaloqlarga g‘amxo‘rlik qilish, patologiya va reanimatsiya, gepatologiya, nefrologiya va umumiy pediatriya bo‘limlarida profilaktik sanitariya va dezinfeksiya ishlari tugaganidan so‘ng ularning qayta faoliyat boshlashi bilan bog‘liq.
Mazkur bo‘limlar 6-yanvar kuni faoliyatini tiklagan va bu hodisa vaqtinchalik yuklanish oshishiga olib kelgan. Shuningdek, vazirlik ta’kidlashicha, pediatriya markazi infeksion kasalliklarga chalingan bemorlarni qabul qilmaydi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarini asossiz va noto‘g‘ri ma’lumotlarni tarqatmaslikka chaqirdi.
Bundan avval vazirlik ma’lum qilganidek, metapnevmovirus 2001-yildan beri mavjud bo‘lgan mavsumiy virusli infeksiyadir.
Hozirgi vaqtda mamlakatda ro‘yxatga olingan virusli infeksiyalar orasida gripp (39,9%), rinovirus (32,2%) va respirator-sinsitial virus (30,6%) keng tarqalgan bo‘lib, metapnevmovirus holatlari jami infeksiyalar orasida atigi 1,2% ni tashkil etadi.
Mutahassislar ma’lumotlariga ko‘ra, metapnevmovirus odatda yengil shaklda o‘tib, O‘RVI alomatlari bilan namoyon bo‘ladi. Kamdan kam hollarda bronxiolit yoki pnevmoniya kabi asoratlar kelib chiqishi mumkin.