Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 29-noyabr kuni Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligida O'zbekiston Respublikasi Navoiy viloyati Karmana tumanida quvvati 300 MVt boʻlgan quyosh elektr stansiyasi va 75 MVtlik elektr energiyasini saqlash tizimlarini qurish loyihasi boʻyicha Investitsiya bitimi imzolandi.
Imzolash marosimida investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov va “Sinoma EC International Investment Co. Ltd” kompaniyasi bosh direktori Tszo Dayun ishtirok etdi.
Taʼkidlanganidek, loyihaning ishga tushirilishi “Oʻzbekiston – 2030” Strategiyasida qayta tiklanadigan energiya manbalarini 25 ming megavattga va mamlakat umumiy isteʼmolidagi ulushini 40 foizga yetkazish boʻyicha maqsadlarga erishish yoʻlidagi navbatdagi katta qadam boʻladi.
Sinoma EC International Investment Co. Ltd 1987 yilda tashkil etilgan Sinoma Energy Conservation Co. Ltd kompaniyasining sho'ba korxonasidir. Kompaniyaning kapitallashuvi $600 mlrd, ishchilar soni 2000 nafarni tashkil qiladi. Kompaniya sanoat ob'ektlarining chiqindi gazlaridan issiqligidan foydalanadigan WHR elektr stansiyalarini, shuningdek, biomassa elektr stansiyalarini, geotermal va quyosh elektr stansiyalarini qurishga ixtisoslashgan. Kompaniya portfeliga butun dunyo bo'ylab 1000 dan ortiq amalga oshirilgan loyihalar kiradi.