Valyuta kurslari 27/12/2024
$1 – 12920.48
UZS – -0,06%
€1 – 13436.01
UZS – -0,19%
₽1 – 130.17
UZS – 0,39%
Qidirish
O‘zbekiston 23/11/2024 Shavkat Mirziyoyev: Tadbirkor - iqtisodiyot poydevori, davlat tayanchi

Shavkat Mirziyoyev: Tadbirkor - iqtisodiyot poydevori, davlat tayanchi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Davlatimiz rahbari Toshkent shahridagi “Yangihayot” industrial texnoparkida bo‘ldi.

Yangihayot tumanida 184 mingdan ziyod aholi yashaydi. So‘nggi yillarda ko‘plab yangi uylar qurilib, oilalar ko‘chib keldi. Ular uchun shu yaqin atrofda ish o‘rinlari tashkil etishga harakat qilinmoqda.

Prezidentimizning 2021-yil 4-fevraldagi qarori asosida barpo etilgan “Yangihayot” texnoparki shu maqsadga qaratilgan. Shavkat Mirziyoyev 2022-yilda qurilish maydoni va bo‘lajak loyihalar bilan tanishgan edi. Texnopark uchun 110 gektar maydon ajratilgan. Hozir bu yerda 101 million dollarlik 8 ta korxona ishga tushirilgan, 520 ta ish o‘rni yaratilgan.

Davlatimiz rahbari ularning ayrimlarini ko‘zdan kechirdi.

Masalan, “Almerro Grup” mas’uliyati cheklangan jamiyatida “Krember” brendi ostida qandolat mahsulotlari ishlab chiqariladi. Buning uchun 3 gektar yer ajratilgan, 22 million dollar yo‘naltirgan. Italiya, Ispaniya va Turkiya davlatlaridan keltirilgan ilg‘or texnologiya o‘rnatilgan.Korxonada yiliga 320 milliard so‘mlik 80 turdagi qandolat mahsulotlari ishlab chiqarilishi ko‘zda tutilgan. Mahsulotlarning 15-20 foizi Xitoy va MDH davlatlariga eksport qilinadi.

Qiymati 21 million dollarlik “Vera Modern Elektrical” korxonasi 600 turdagi kabel va sim mahsulotlari ishlab chiqarilish, 4 million dollarlik eksport quvvatiga ega. Muhimi, mahsulotlarning 35-40 foizi import o‘rnini bosadi hamda mahalliylashtirish darajasi 70 foizga yetkaziladi.

Davlatimiz rahbari korxonalar mahsulotlarini ko‘zdan kechirdi.

- Keyingi yillarda tadbirkorlarga yaratilgan sharoitlar bugun o‘z natijasini berayapti. O‘zimizning ishbilarmonlar mana shunday ko‘p xilda va yuqori sifatli mahsulotlar ishlab chiqarayapti. Bu imkoniyatlarni har yili kengaytirib boramiz. Chunki tadbirkor iqtisodiyot poydevori, davlat tayanchi, - dedi Prezident.

Shavkat Mirziyoyev ishlab chiqarish faoliyati uchun tayyor bino-inshootlar qurish loyihasi bilan ham tanishdi. Texnopark ichida “Mimar Group” kompaniyasi tomonidan ikki qavatli majmua qurilib, kichik korxonalar va hunarmandlarga muddatli to‘lov asosida sotilmoqda. Ularning har birida alohida ishlab chiqarish va ko‘rgazma maydonlari bo‘ladi.

Bugungi kunda shunday binolarda umumiy qiymati 3 million dollarlik 4 ta loyiha - eshik-romlar, to‘qimachilik mahsulotlari, qurilish uchun profillar va quyosh panellari korxonalari ish boshlagan.

Prezidentimizga texnoparkdagi rejalar bo‘yicha ma’lumot berildi. Jumladan, qurilish materiallari, elektrotexnika, logistika va xizmat ko‘rsatish, tekstil va to‘qimachilik sanoati, oziq-ovqat sanoati kabi yo‘nalishlarda 386 million dollarlik 46 ta loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan. Bundan tashqari, texnoparkdagi korxonalar uchun mutaxassislar tayyorlashda dual ta’lim yo‘lga qo‘yiladi.

Umuman, texnoparkda 2025-yilda 235 million dollarlik 37 ta, 2026-yilda esa 50 million dollarlik 1 ta loyihalar ishga tushiriladi. Natijada 10 mingta yangi ish o‘rni va 35 million dollarlik eksport imkoniyati yaratiladi.

O‘tgan o‘n oyda Yangihayot tumanida 3 mingdan ziyod aholi doimiy ishga joylashtirilgan, 6  mingta o‘zini o‘zi band qilgan shaxs ro‘yxatdan o‘tkazilgan.

#Shavkat Mirziyoyev  
Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling