Shavkat Mirziyoyev Qatar bilan sheriklik to‘g‘risidagi kelishuvni ratifikatsiya qildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston va Qatar Davlati Hukumatlari o‘rtasida ikki tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risidagi Bitim ratifikatsiya qilindi.
Ushbu hujjat 2024 yil aprel oyida tomonlar tomonidan imzolangan bo‘lib, siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikning asosiy yo‘nalishlarini belgilaydi.
Kelishuv doirasida taʼlim, fan, sog‘liqni saqlash, madaniyat, turizm va sport sohalarida o‘zaro hamkorlikni yana-da chuqurlashtirish ko‘zda tutilgan. Xususan, iqtisodiyot, boshqaruv, diplomatiya va turizm sohalarida mutaxassislarni tayyorlash va malakasini oshirish bo‘yicha tajriba almashishga alohida eʼtibor qaratiladi.
Savdo-iqtisodiy sheriklikni kengaytirish, investitsiyalarni jalb etish va xususiy sektorda qo‘shma korxonalarni tashkil etish rejalashtirilgan.
Hujjatning alohida bo‘limi xavfsizlik masalalariga bag‘ishlangan. Xususan, tomonlar xalqaro terrorizm, ekstremizm, giyohvandlik vositalari va qurol-aslaha noqonuniy aylanmasi, uyushgan jinoyatchilik hamda odam savdosiga qarshi kurashish bo‘yicha saʼy-harakatlarni muvofiqlashtirish niyatida.