Shavkat Mirziyoyev O‘mon bilan diplomatlar uchun vizasiz rejim joriy etish bo‘yicha kelishuvini tasdiqladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston va O‘mon Sultonligi o‘rtasidagi xalqaro kelishuvni tasdiqlash haqidagi qarorni imzoladi.
Hujjatga ko‘ra, davlat rahbari diplomatik pasport egalari uchun vizasiz rejim joriy etish bo‘yicha ikki davlat o‘rtasidagi kelishuvni tasdiqladi.
Mazkur kelishuv 2024 yil 26 iyun kuni Masqat shahrida, O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidovning O‘monga tashrifi davomida imzolangan edi.
O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligiga O‘mon tomonini kelishuvning kuchga kirishi uchun zarur ichki tartib-taomillar yakunlangani haqida xabardor qilish, shuningdek, uni amalga oshirish uchun masʼul organni belgilash vazifasi yuklatildi.
Kelishuv kuchga kirgandan so‘ng, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi va tegishli idoralar uni ijro etish yuzasidan nazoratni amalga oshiradi.
#Shavkat Mirziyoyev