Valyuta kurslari 04/09/2025
$1 – 12374.55
UZS – -0,39%
€1 – 14425.01
UZS – -0,23%
₽1 – 153.13
UZS – -0,76%
Qidirish
Shanxayda boʻlib oʻtgan ACLE-2025 koʻrgazmasida Oʻzbekiston kompaniyalari yangi shartnomalar imzoladi

Shanxayda boʻlib oʻtgan ACLE-2025 koʻrgazmasida Oʻzbekiston kompaniyalari yangi shartnomalar imzoladi

Shanxayda boʻlib oʻtgan ACLE-2025 koʻrgazmasida Oʻzbekiston kompaniyalari yangi shartnomalar imzoladi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Shanxayning yirik ko‘rgazmalar markazida o‘tkazilayotgan All China Leather Exhibition (ACLE-2025) dunyo charm sanoatining kelajagini belgilovchi maydon sifatida gavdalanmoqda. Aynan shu maydonda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi tashabbusi, “O‘zcharmsanoat” uyushmasi hamkorligida mamlakatimiz delegatsiyasi o‘z milliy stendi bilan qatnashib, xalqaro hamkorlar e’tiborini tortmoqda.

Xususan, “Nafis Charm” MCHJ Italiyaning Assomac tashkiloti vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Muloqot davomida “Nafis Charm” namunalarini ko‘rib chiqqan italiyalik mutaxassislar sifat va ishlov darajasini e’tirof etib, texnologiyalarni modernizatsiya qilish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni muhokama qildi. Gap faqatgina asbob-uskunalar emas, balki bilim almashinuvi, yosh mutaxassislar uchun o‘quv dasturlari haqida ham bordi.

“DSM International” muzokaralari yanada qizg‘in tus oldi. Italiya kompaniyasi Italeather DSM International tomonidan taqdim etilgan yarim tayyor charm mahsulotlarini qiziqish bilan qabul qildi.

"Hamkor Nur Savdo”ning SinoBio bilan uchrashuvi esa boshqa bir yo‘nalishga — ekologik hamkorlikka qaratildi. Charmni qayta ishlashda kimyoviy moddalardan foydalanish masalasi global miqyosda dolzarb bo‘lib turgan bir paytda, bu muzokaralar katta ahamiyat kasb etdi. SinoBio o‘zining ekologik toza texnologiyalari va kimyoviy moddalari haqida ma’lumot berdi. Hamkor Nur Savdo esa ularni sinovdan o‘tkazishga rozi bo‘ldi. Agar natijalar ijobiy chiqsa, O‘zbekiston charm sanoatida barqaror ishlab chiqarish uchun yangi imkoniyatlar ochilishi mumkin.

Xorijiy kompaniyalar o‘zbek mahsulotlariga qiziqish bildirgan holda, sinov natijalari ijobiy bo‘lsa, umumiy qiymati 15 million dollardan ortiq eksport shartnomalari imzolanishi mumkinligini ma’lum qildi. Shanxaydagi ACLE-2025 O‘zbekiston charm sanoati uchun oddiy ko‘rgazma bo‘lib qolmayapti. Bu — xalqaro kompaniyalar bilan ochiq suhbat, kelajak loyihalari haqida dadil qadamlar, yangi bozorlarga eshik ochuvchi uchrashuvlar bo‘lmoqda.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling