Valyuta kurslari 25/04/2025
$1 – 12927.17
UZS – 0,29%
€1 – 14717.58
UZS – -0,02%
₽1 – 155.73
UZS – -0,2%
Qidirish
O‘zbekiston 25/04/2025 Sergey Lavrov: «Markaziy Osiyo + Rossiya» sammiti 2025 yil kuzda Dushanbe shahrida o‘tadi

Sergey Lavrov: «Markaziy Osiyo + Rossiya» sammiti 2025 yil kuzda Dushanbe shahrida o‘tadi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Samarqandga qilgan tashrifi chog‘ida «Markaziy Osiyo+» hamkorlik formati haqida fikr bildirdi. Unga ko‘ra, «Markaziy Osiyo + Rossiya» formatidagi navbatdagi sammit 2025 yil oktyabr oyida, MDH yig‘ilishi doirasida Dushanbeda bo‘lib o‘tadi.

Lavrov taʼkidlaganidek, bu formatdagi hamkorlik o‘zaro manfaatli va barcha tomonlarni qoniqtiradigan teng huquqli kelishuvlarga asoslanishi kerak. Uning so‘zlariga ko‘ra, Moskva hamkorlikka siyosiy yoki ideologik yondoshish, ayniqsa, ayrim tashqi o‘yinchilar tomonidan navbatma-navbat singdirilayotgan mavzularni qo‘llab-quvvatlamaydi.

Vazirning taʼkidlashicha, ayrim g‘arb davlatlari va tuzilmalari, jumladan, Yevropa komissiyasi rahbariyati, mintaqaga antirossiyaviy ruhdagi dasturlar va iqtisodiy instrumentlar orqali taʼsir o‘tkazishga urinayotgani xavotir uyg‘otmoqda. U ayniqsa statistika, bojxona boshqaruvi va chegaraviy hamkorlik kabi hassos sohalardagi aralashuvga eʼtibor qaratdi.

«Markaziy Osiyo mamlakatlari bu tashabbuslar ortida qanday maqsadlar turganini juda yaxshi anglab turibdi va o‘zlarini himoya qilish uchun barcha choralarni ko‘rmoqda», — dedi Lavrov. Shuningdek, u Rossiya hech qachon boshqa davlatlarning ichki ishlariga aralashmaganini va shu kabi yondashuvni o‘z hamkorlaridan ham kutayotganini qayd etdi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yil aprel oyi boshlarida Samarqand shahrida «Markaziy Osiyo — Yevropa Ittifoqi» sammiti bo‘lib o‘tdi. Unda mintaqadagi besh davlat rahbarlari, Yevropa Kengashi prezidenti Antoniu Koshta va Yevropa Komissiyasi rahbari Ursula fon der Lyayen ishtirok etdi. Sammit yakunida savdo, transport, energetika, raqamli aloqa va suv resurslarini qamrab olgan strategik hamkorlik darajasiga ko‘tarish bo‘yicha deklaratsiya qabul qilindi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling