Senatorlar Turkiya delegatsiyasi bilan uchrashdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 9-sentabr kuni Oliy Majlis Senatining Yoshlar, xotin-qizlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi hamda Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi raislari Orzigul Kozixonova va Alisher Agzamxodjayev Turkiyaning Adolat va taraqqiyot partiyasi raisi o‘rinbosari, partiyaning turkiy davlatlar bilan hamkorlik boshqarmasi rahbari Kurshad Zorlu boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Muloqot chog‘ida O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi hamkorlik, xususan, yoshlar siyosati va parlamentlararo aloqalarni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
Taʼkidlanganidek, O‘zbekistonning ochiq va pragmatik tashqi siyosati xalqaro maydonda davlatimizni ishonchli hamkor sifatida tanitishga xizmat qilmoqda. Mintaqaviy barqarorlikni taʼminlash, yaxshi qo‘shnichilikni mustahkamlash va xalqaro sheriklikni kengaytirish ushbu siyosatning ustuvor yo‘nalishlaridandir.
So‘nggi yillarda O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida yoshlar masalalari bo‘yicha izchil va samarali hamkorlik shakllanmoqda. Taʼlim, madaniyat, volontyorlik va yoshlar loyihalari yo‘nalishlarida qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Uchrashuvda mamlakatimizda yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar, qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlar va yaratilayotgan imkoniyatlar haqida maʼlumot berildi. Xususan, “Yoshlar daftari” tizimi orqali yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, yoshlar o‘rtasida tadbirkorlikni rivojlantirish, oliy taʼlimdagi yutuqlar xususida fikr yuritildi.