Senatda Yaponiya bilan hamkorlik masalalari muhokama qilindi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Senat Raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev Yaponiya Bosh vazirining milliy xavfsizlik, yadroviy qurolsizlanish va uni tarqatmaslik masalalari bo‘yicha maxsus maslahatchisi janob Akixisa Nagashima boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
Uchrashuvda Yaponiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi vaqt sinovidan o‘tgan, ishonchli do‘stona munosabatlar va strategik hamkorlikning muhim jihatlari haqida so‘z yuritildi.
Yaponiya O‘zbekistonning Osiyo-Tinch okeani mintaqasidagi asosiy tashqi siyosiy va iqtisodiy sheriklaridan biri hisoblanadi. Bugungi kunda Yaponiya bilan hamkorlikda taʼlim, fan, raqamlashtirish va innovatsiya hamda tibbiyot yo‘nalishlarida yirik loyihalar amalga oshirilmoqda.
Shuningdek, elektr energetikasini rivojlantirish, elektr ishlab chiqarish, energiya manbalarini qayta ishlash va raqamlashtirish sohalarida hamkorlik faollashmoqda.
Akixisa Nagashima O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan tez surʼatdagi islohotlar natijasida barcha jabhalarda yuz berayotgan ijobiy o‘zgarishlarni yuqori baholadi. Mamlakatimizning tashqi siyosatdagi ochiq, pragmatik siyosati xalqaro miqyosda ham eʼtirof etilayotganini taʼkidladi.
Ayniqsa, Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi uzoq yillik masalalar Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan o‘z yechimini topayotgani va yaqin qo‘shnichilik aloqalari mustahkamlangani ham qayd etildi.
Shu bilan birga, Yaponiyaning Markaziy Osiyo bilan hamkorligini yana-da kengaytirish maqsadida “Markaziy Osiyo + Yaponiya” muloqoti doirasidagi tashabbuslarni ilgari surish va yirik xalqaro sammitga tayyorgarlik jarayonlari yuzasidan fikr almashildi.
Muloqot davomida parlamentlararo hamkorlik doirasidagi do‘stlik guruhlari faoliyati, qonun ijodkorligi sohasida tajriba almashish hamda barcha darajadagi parlament muloqotini faollashtirish muhimligiga ahamiyat qaratildi.
Tomonlar kelgusida ham siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiya, kadrlar tayyorlash hamda madaniy-gumanitar sohalarda hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdor ekanligini taʼkidlashdi.