Valyuta kurslari 05/09/2025
$1 – 12437.15
UZS – 0,51%
€1 – 14480.57
UZS – 0,39%
₽1 – 153.34
UZS – 0,14%
Qidirish
Senatda qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, fan yutuqlarini joriy etish masalalari muhokama qilindi

Senatda qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, fan yutuqlarini joriy etish masalalari muhokama qilindi

Senatda qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, fan yutuqlarini joriy etish masalalari muhokama qilindi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Yalpi majlisda qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, ilmiy-tadqiqot institutlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash hamda sohaga ilm-fan yutuqlarini joriy qilish yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament so‘rovi natijalari ko‘rib chiqildi.

Taʼkidlanganidek, parlament so‘rovida aks etgan masalalar bo‘yicha muayyan ishlar amalga oshirilgan.

Xususan, Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzurida tashkil etilgan Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi tizimidagi ilmiy-tadqiqot muassasalari faoliyatiga oid davlat dasturlari doirasida joriy yilda umumiy qiymati 49,7 mlrd so‘m bo‘lgan 69 ta, shu jumladan 49 ta amaliy, 7 ta innovatsion, 1 ta fundamental, 12 ta xalqaro loyiha bo‘yicha tadqiqotlar olib borilmoqda.

Joriy yil birinchi yarim yilligida agrar sohaga oid ilmiy-tajriba va eksperimental tadqiqotlar ko‘lamini kengaytirish orqali aholi bandligini taʼminlash hamda daromadini ko‘paytirish maqsadida xonadonbay usulida 13 ta ilmiy-tadqiqot loyihasi amalga oshirilgan.

Respublika bo‘yicha 909 ming gektar sug‘oriladigan yer maydonlariga ilmiy-tadqiqot institutlari tomonidan yaratilgan istiqbolli va yangi g‘o‘za navlari ekilgan hamda viloyatlarning ilmiy-tadqiqot stansiyalari va urug‘chilik tajriba xo‘jaliklarida 70 dan ortiq yangi g‘o‘za navlarining birlamchi urug‘chilik ishlari olib borilmoqda.

Ilmiy-tadqiqot institutlari tomonidan 271 ta nav (zot) va duragay yaratilgan, shundan 107 tasi Davlat reyestriga kiritilgan, 99 tasi ishlab chiqarishga joriy qilinib, 82,7 mlrd so‘mlik 73 ta loyiha natijalari tijoratlashtirilgan.

Shu bilan birga, parlament so‘rovidagi ayrim masalalar hamon dolzarbligicha qolayotgani qayd etildi.

Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, ilmiy-tadqiqot institutlarining moddiy-texnik bazasini yaxshilash, sohaga ilm-fan yutuqlarini joriy qilishning institutsional asoslari hamda sohaga doir amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarni takomillashtirish zarurati mavjud.

Yaratilgan yangi zot, nav va duragaylarni amaliyotga joriy etish hamda ilmiy natijalarni tijoratlashtirish mexanizmi samarali tashkil etilmagan.

Mahsulot yetishtiruvchi subyektlarni yaratilayotgan yangi ilmiy ishlanmalar hamda innovatsiyalar to‘g‘risida o‘z vaqtida xabardor qilish mexanizmi yo‘lga qo‘yilmagan.

Yosh ilmiy xodimlar va tadqiqotchilarga ilmiy ishlanmalar yaratish, tajriba sinovlari o‘tkazish hamda joriy xarajatlar uchun yetarli mablag‘ ajratilmayotganligi oqibatida kadrlar qo‘nimsizligi yuzaga kelgan.

Senatorlar tomonidan yangi zamonaviy biotexnologik va molekulyar genetik tahlillarni o‘tkazuvchi hamda global iqlim o‘zgarishi bilan shug‘ullanuvchi yo‘nalishlarga eʼtibor qaratish lozimligi haqida fikrlar bildirildi.

Muhokama yakunida Senatning tegishli qarori qabul qilindi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling