Samarqandda O‘zbekiston-Qirg‘iziston turizm forumi bo‘lib o‘tdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 12-may kuni Samarqand shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi va Qirg‘iz Respublikasi Jogorku Keneshi o‘rtasida hamkorlik bo‘yicha parlamentlararo komissiyaning beshinchi majlisi doirasida O‘zbekiston - Qirg‘iziston turizm forumi bo‘lib o‘tdi.
Uning asosiy maqsadi O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasida sayyohlik almashinuvini kengaytirish, shuningdek, ushbu sohadagi ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlashdan iborat.
Keyingi yillarda ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlari mustahkamlanib borayotgani yangi sayyohlik yo‘nalishlarini yo‘lga qo‘yish va madaniy muloqotni faollashtirish uchun qulay sharoit yaratayotgani taʼkidlandi.
Forum doirasida hududlarning turizm salohiyati, jumladan, infratuzilmasi, taklif etilayotgan xizmatlar sifati, shuningdek, sayyohlarni qabul qilish uchun yaratilgan sharoitlar haqida taqdimotlar o‘tkazildi. Istiqbolli qo‘shma loyihalar, turistik mahsulotni ilgari surish dasturlari va turizm sohasiga investitsiyalarni jalb qilish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Ishtirokchilar tomonidan turizm sohasida sheriklikni yana-da mustahkamlash nafaqat iqtisodiy o‘sish va aholi bandligini oshirishga, balki ikki xalqni yaqinlashtirishga, O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi o‘zaro anglashuv, ishonch va madaniy aloqalarni mustahkamlashga xizmat qilishiga ishonch bildirildi.