Samarqandda “Markaziy Osiyo – YEI” birinchi sammiti bo‘lib o‘tdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 4 aprel kuni Samarqand shahrida “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” birinchi sammiti bo‘lib o‘tdi. Ushbu tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazildi.
Sammitda Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari, Yevropa Kengashi Prezidenti Antoniu Koshta, Yevropa Komissiyasi Prezidenti Ursula fon der Lyayen, shuningdek, YEBRR va Yevropa investitsiya banki rahbarlari ishtirok etdi.
Uchrashuv davomida siyosiy muloqotni mustahkamlash, iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish, “yashil” energetika, transport, innovatsiya, madaniyat, taʼlim va xavfsizlik sohalarida hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.
Prezident Mirziyoyev mintaqada amalga oshirilayotgan barqaror islohotlarni alohida qayd etdi hamda Yevropa Ittifoqiga integratsiya jarayonlariga ko‘rsatayotgan qo‘llab-quvvatlovi uchun minnatdorlik bildirdi. U yangi hamkorlik platformalarini yo‘lga qo‘yish, yevropalik kompaniyalar uchun yagona sanoat parki tashkil etish, Transkaspiy koridorini rivojlantirish hamda Bosh vazir o‘rinbosarlari darajasida Hamkorlik qo‘mitasini tashkil etish tashabbuslarini ilgari surdi.
Sammit yakunida strategik hamkorlik to‘g‘risidagi Qo‘shma deklaratsiya va tanlab olinadigan mineral resurslar sohasida hamkorlik deklaratsiyasi imzolandi.
#Shavkat Mirziyoyev