Ruslan Abdullayev WBA Continental chempioni kamarini qo‘lga kiritdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 20 aprel kuni AQSHning Kaliforniya shtati, Oushensayd shahrida bo‘lib o‘tgan professional boks kechasida o‘zbekistonlik bokschi Ruslan Abdullayev filippinlik Jino Rodrigoni mag‘lub etib, WBA Continental chempioni kamarini qo‘lga kiritdi.
Jahon va qitʼa chempioni, shuningdek 2021 yil «Rufat Riskiyev kubogi» talqini bo‘yicha O‘zbekistonning eng yaxshi bokschisi sifatida eʼtirof etilgan Abdullayev sakkiz raundlik jangda yuqori mahorat namoyon etdi.
U jangni to‘liq nazorat qilib bordi va beshinchi raundda raqibini nokdaunga tushirdi.
Natijada, hakamlar bir ovozdan g‘alabani Abdullayevga berdi — hisob: 80-71, 80-71, 80-71. Bu uning professional faoliyatidagi ikkinchi g‘alabasi bo‘ldi.