Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish bo‘yicha YUNESKO hukumatlararo qo‘mitasining Asunsion (Paragvay) shahrida bo‘lib o‘tgan 19-sessiyasi doirasida Insoniyatning nomoddiy madaniy merosining reprezentativ ro‘yxatiga yangi element – Rubob yasash va ijrochilik san’ati kiritildi.
Nomzodnoma hujjati O‘zbekiston, Afg‘oniston, Eron va Tojikiston tomonidan taqdim etilgan bo‘lib, Hukumatlararo Qo‘mita majlisining 19.COM 7.b.18 qaroriga asosan ro‘yxatga kiritilgan. Nomzodnoma hujjati Milliy komissiya kotibiyai tomonidan Madaniyat vazirligining mutasaddi tashkilotlari bilan hamkorlikda tayyorlangan.
Mazkur element O‘zbekiston Respublikasidan YUNESKO ro‘yxatidan joy olgan 16-element hisoblanadi.
Elementning YUNESKO ro‘yxatiga kiritilishi xalqaro hamda milliy darajada uning ahamiyati haqida habardorlikni oshirishga, elementni a’zo-davlatlar bilan birgalikda saqlashga va kelgusi avlodlarga yetkazishda yordam beradi.