Rossiya, Tojikiston va Afg‘onistondan olib kelingan qariyb 80 kg narkotik moddalar to‘xtatib qolindi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Davlat xavfsizlik xizmatining Chegara qo‘shinlari va Surxondaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda viloyat ichki ishlar boshqarmasi xodimlari hamkorligida Uzun tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda, 2005 va 2006 yillarda tug‘ilgan 2 nafar mahalliy fuqaro 20 kg 374 gr “opiy” va 41 kg 668 gr “gashish” giyohvandlik vositalarini Tojikiston Respublikasidan kontrabanda yo‘li bilan olib kelgan vaqtlarida ushlandi.
Shundan so‘ng tezkor tadbir davom ettirilib, ularning jinoiy sherigi bo‘lgan, Uzun tumanida yashovchi, 2004 y.t. shaxs hamda ajal og‘usining byurtmachisi hisoblangan, Denov tumanida istiqomat qiluvchi, 2000 y.t. fuqaro ham protsessual tartibda ushlandi.
Chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchilari va DXX Toshkent viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda viloyat bojxona boshqarmasi xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda esa, Qozog‘iston Respublikasidan xalqaro o‘tkazish punkti orqali mamlakatimizga kirib kelgan Farg‘ona viloyatining Toshloq tumanida yashovchi, 1991 y.t. shaxsga tegishli yuklar o‘rnatilgan tartibda tekshirildi.
Natijada marmar quyma tosh ichiga yashirilgan 7 kg 902 gr “Mefedron” sintetik giyohvandlik vositasi borligi maʼlum bo‘ldi.
Tergovga qadar tekshiruv davomida, narkokuryer moddiy manfaatdorlik evaziga ushbu giyohvandlik vositasini Rossiya Federatsiyasining Moskva shahrida nomaʼlum shaxs tomonidan telegram bot orqali ko‘rsatilgan manzildan olib, O‘zbekistondagi buyurtmachiga yetkazib berishi kerakligi aniqlandi.
So‘ngra tezkor tadbir davom ettirilib, Bekobod tumanida istiqomat qiluvchi, 1985 y.t. fuqaro O‘rta Chirchiq tumanida ajal og‘usini qabul qilib olgan vaqtida ushlandi.
Davlat xafsizlik xizmatining Farg‘ona va Surxondaryo viloyatlari bo‘yicha boshqarmalari xodimlari tomonidan amalga oshirilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida afg‘onistonlik narkosavdogarlardan giyohvandlik vositalarini olib, Farg‘ona viloyatida sotish bilan shug‘ullangan shaxslar faoliyatiga chek qo‘yildi.
Xususan, Qo‘qon shahrida yashovchi, 1964 y.t. ayol va uning 1993 y.t., muqaddam giyohvandlik vositalari savdosi bilan bog‘liq jinoyati uchun sudlangan o‘g‘li qo‘lga olinib, ulardan Afg‘onistondan kontrabanda yo‘li bilan keltirilgan 5 kg 878 gr “opiy” va 3 kg 922 gr “gashish” moddalari ashyoviy dalil sifatida olindi.
O‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida xorijdan olib kelingan jami 79 kg 744 gr giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yildi.
Hozirda mazkur shaxslarning barchasiga nisbatan Jinoyat Kodeksining 246 va 273-moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanildi. Tergov harakatlari olib borilmoqda.