“Rosatom” Power Uzbekistan–2025 ko‘rgazmasida mintaqaning energetik rivojlanishi uchun muhim texnologiyalarni taqdim etdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 13–15 may kunlari Toshkentdagi CAEx Xalqaro ko‘rgazma markazida O‘zbekiston Energetika haftaligi - UEW 2025 va Power Uzbekistan 2025 ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi. Unda “Rosatom” atom energetikasi sohasidagi texnologik yechimlarini taqdim etdi. Forumning ishbilarmonlik dasturi doirasida “Rosatom” vakillari energetik balans, tinch atom, kadrlar salohiyatini rivojlantirish va inklyuziya masalalariga bag‘ishlangan strategik sessiyalarda ishtirok etdilar. “Rosatom” ekspozitsiyasida kichik quvvatli atom stansiyalari (QQAS) maketlari namoyish etildi.
Stenddagi asosiy voqea RITM-200N reaktorlaridan biri uchun maxsus legirlangan po‘lat quymasini tayyorlash jarayoni boshlangani to‘g‘risidagi taqdimot bo‘lib o‘tdi. Mazkur reaktor O‘zbekistonda qurilayotgan kichik quvvatli atom stansiyasining “yuragi” bo‘ladi. Loyiha doirasida har biri 55 MVt quvvatga ega bo‘lgan oltita reaktor qurilishi rejalashtirilgan. Loyiha doirasida har biri 55 MVt quvvatga ega oltita reaktor qurilishi nazarda tutilgan. “Rosatom”ning forumdagi ishtiroki barqaror sheriklikni rivojlantirish va qo‘shma energetik loyihalarni amalga oshirishga qaratilgan.
“Global energetik o‘tish sharoitida biz faqatgina tayyor QQAS yechimlarini emas, balki ishonchli bazaviy generatsiya manbai va uzoq yillarga prognoz qilinishi mumkin bo‘lgan elektr energiyasi narxlari bilan samarali energiya tizimini yaratishga kompleks yondashuvni taklif etamiz.
Biz masalani tizimli yondashuv asosida ko‘rib chiqamiz: barqaror kelajak mahalliy resurslardan oqilona foydalanish, xalqaro hamkorlik va yangi avlod mutaxassislarini tayyorlashni talab qiladi. Power Uzbekistan maydonida faqatgina biznes aloqalar emas, balki barqaror energiya tizimiga ega istiqbolli kelajak uchun uzoq muddatli yechimlar shakllanmoqda”, - deb taʼkidladi «Rosatom Markaziy Osiyo» mintaqaviy markazi rahbari Aleksey Dremuchev.
2024 yil 27 may kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning O‘zbekistonga davlat tashrifi doirasida Rossiya va O‘zbekiston rahbarlari ishtirokida ikki davlat o‘rtasidagi atom elektrostansiyasi qurilishi bo‘yicha hukumatlararo kelishuvga o‘zgartish kiritish to‘g‘risidagi bayonnoma imzolandi. Ushbu hujjat O‘zbekiston hududida rossiyalik loyiha asosida kichik quvvatli atom elektrostansiyasi (QQAS) qurish bo‘yicha hamkorlikni kengaytirishni nazarda tutadi.
Shuningdek, tadbir doirasida “Rosatom”ning injiniring divizioni — “Atomstroyeksport” AJ va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Atom energetikasi agentligi qoshidagi «AES qurilishi direksiyasi» davlat korxonasi o‘rtasida O‘zbekistonda QQAS qurilishi bo‘yicha shartnoma imzolandi.
Loyihaga ko‘ra, Jizzax viloyatida umumiy quvvati 330 MVt bo‘lgan, rossiyalik loyiha asosida barpo etiladigan kichik quvvatli atom elektrostansiyasi (QQAS) qurilishi nazarda tutilgan. Stansiya tarkibida har biri 55 MVt quvvatga ega bo‘lgan oltita reaktor bo‘ladi.
QQAS loyihasi bo‘yicha dastlabki ishlar 2024 yil yozida boshlangan. Iyun oyida bo‘lajak stansiya maydonida Qurilish shtabi birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda amalga oshirilishi zarur bo‘lgan ustuvor vazifalar belgilandi. Ularni bajarish orqali qurilish ishlarini belgilangan muddatda boshlash imkoniyati yaratiladi.
2025 yil aprel oyida qurilish-montaj bazasi (QMB) qurilishi boshlandi. Ushbu baza QQAS energobloklarini qurish davrida maʼmuriy va ishlab chiqarish binolari uchun zarur maydonlar bilan taʼminlaydi. Shuningdek, bu yerda ombor xo‘jaligi va yirik uzellarni yig‘ish sexlarini joylashtirish rejalashtirilgan.
13 may kuni “Rosatom”ning Mashinasozlik divizioni O‘zbekistondagi QQAS uchun reaktor jihozlarini ishlab chiqarishni boshladi. Ushbu maqsadda og‘irligi 205 tonna bo‘lgan maxsus legirlangan po‘lat quymasi quyildi. Undan kelajakdagi RITM-200N reaktori korpusi tayyorlanadi.