Rigada O‘zbekiston va Latviya biznes doiralari ishtirokida biznes-forum bo‘lib o‘tdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 4 avgust kuni Riga shahrida O‘zbekiston-Latviya biznes-forumi va B2B uchrashuvlar o‘tkazildi. Tadbirda ikki mamlakat rasmiylari, yirik kompaniyalar va biznes vakillari ishtirok etdi. Tadbir O‘zbekiston Respublikasining Latviyadagi elchixonasi ko‘magida tashkil etildi.
Forumda O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi o‘rinbosari Dilshod Rasulov nutq so‘zlab, ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlik izchil rivojlanayotganini taʼkidladi. Uning taʼkidlashicha, so‘nggi yillarda logistika, farmatsevtika, qishloq xo‘jaligi, taʼlim, to‘qimachilik va turizm sohalarida qator qo‘shma loyihalar amalga oshirilmoqda.
Shuningdek, Riga shahrida faoliyat yuritayotgan O‘zbekiston Savdo uyi ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo va logistika aloqalarini kuchaytirishda muhim ahamiyat kasb etayotgani qayd etildi.
Tadbirda ishtirokchilarga O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar, investitsiya muhiti, eksport salohiyati va ikki tomonlama tovar ayirboshlash ko‘rsatkichlari haqida taqdimot o‘tkazildi.
Forumning amaliy qismida O‘zbekiston va Latviya tadbirkorlari o‘rtasida B2B uchrashuvlar tashkil etildi. Unda eksport-import sohasidagi yangi yo‘nalishlar muhokama qilinib, qator shartnomalar ko‘rib chiqildi.