Valyuta kurslari 03/03/2025
$1 – 12890.07
UZS – 0,1%
€1 – 13400.52
UZS – -0,75%
₽1 – 146.46
UZS – -1,15%
Qidirish
Sport 27/02/2025 Ravshan Ermatov: Osiyo Kubogi–2031 — Markaziy Osiyo uchun tarixiy imkoniyat

Ravshan Ermatov: Osiyo Kubogi–2031 — Markaziy Osiyo uchun tarixiy imkoniyat

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi birinchi vitse-prezidenti Ravshan Ermatov O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘izistonning 2031 yilgi Osiyo Kubogini birgalikda o‘tkazish tashabbusi haqida fikr bildirib, buni Markaziy Osiyo uchun tarixiy imkoniyat deb atadi.

Futbol jamoatchiligi savollariga javob bergan Irmatov Osiyo Kubogi qitʼadagi eng yirik musobaqa ekanini va uni o‘tkazish uchun doim ko‘plab daʼvogarlar bo‘lishini taʼkidladi.

Hozirda Osiyo futbol konfederatsiyasi (OFK) rasmiy arizalarni qabul qilmoqda. Keyinchalik ular tasdiqlanib, rasman eʼlon qilinadi. Shundan so‘ng, mezbonlikka daʼvogar mamlakatlarning imkoniyatlari har tomonlama baholanadi.

OFKning maxsus inspeksion guruhi ularning talablarga qay darajada mos kelishini o‘rganadi. OFK barcha Osiyo mintaqalarida futbol rivojlanishidan manfaatdor. Shu paytgacha Osiyo Kubogi qitʼaning turli hududlarida o‘tkazilgan, lekin hali Markaziy Osiyoda emas. Bu esa mintaqaning arizasiga ijobiy yondashish uchun asos yaratadi.

Mezbonlik uchun qo‘yiladigan talablar va O‘zbekistonning tayyorlik darajasi haqida so‘z yuritar ekan, Ermatov so‘nggi yillarda mamlakat uchta yirik qitʼa turniri — U-20 va U-23 Osiyo chempionatlarini muvaffaqiyatli o‘tkazganini taʼkidladi.

Avvalroq OFK O‘zbekistonning katta musobaqalarga mezbonlik qilish imkoniyatiga shubha bildirayotgan edi. Biroq barcha talablar yuqori darajada va o‘z vaqtida bajarilganidan so‘ng, bu xavotirlar bartaraf etildi.

Tayyorgarlik jarayonida mehmonxonalar, logistika, transport infratuzilmasi va boshqa muhim obyektlar xalqaro standartlarga moslashtirildi. Bu esa O‘zbekistonning ishonchli tashkilotchi sifatidagi nufuzini mustahkamladi.

Mamlakatda zamonaviy stadionlar mavjud, biroq asosiy o‘yinlar uchun 40–50 ming tomoshabinga mo‘ljallangan arenalar zarur. Bu yo‘nalishda faol ish olib borilmoqda.

Turnirni o‘tkazishda qo‘shni davlatlar ham faol yordam berishga tayyor. Masalan, Bishkekda (Qirg‘iziston) 51 ming tomoshabinga mo‘ljallangan stadion qurilish ishlari boshlangan.

Ermatovning ishonch bildirishicha, agar ariza qabul qilinsa, Markaziy Osiyo Osiyo Kubogining eng yorqin musobaqalaridan birini o‘tkazish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Turnir futbol muxlislari uchun haqiqiy bayram bo‘ladi. Osiyo futboli tez surʼatlarda rivojlanmoqda — qitʼa klublariga jahon yulduzlari kelmoqda, Osiyo futbolchilari esa Yevropaning yetakchi jamoalariga o‘tishda. Ularning barchasi Osiyo Kubogida ishtirok etadi, muxlislar esa ularning o‘yinini o‘z stadionlarida ko‘rish imkoniga ega bo‘ladi.

Bundan tashqari, musobaqa quyidagi uzoq muddatli foydalarni keltirishi mumkin:

O‘zbekiston milliy terma jamoasi o‘z uy maydonida to‘p surish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Qo‘shni davlatlar bilan hamkorlik mustahkamlanadi.

Futbol infratuzilmasi rivojlanadi.

O‘zbekiston mutaxassislari qimmatli tajriba to‘playdi.

Markaziy Osiyo futbolga xalqaro diqqat-eʼtiborni jalb qiladi.

Mintaqaning turizm va madaniyatiga qiziqish ortishi mumkin.

Ermatovga ko‘ra, bu kabi yirik loyiha hatto bolalar futboli rivojiga ham ijobiy taʼsir ko‘rsatadi.

“Biz Osiyo Kubogini mezbonlik qilish uchun bor kuchimizni sarflaymiz”, — deya xulosa qildi u.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling