Valyuta kurslari 14/03/2025
$1 – 12938.11
UZS – 0,14%
€1 – 14076.66
UZS – -0,18%
₽1 – 149.99
UZS – 0,31%
Qidirish
Iqtisod 14/03/2025 Raqobatbardoshlikni oshirish bo‘yicha qanday ishlar amalga oshirilmoqda?

Raqobatbardoshlikni oshirish bo‘yicha qanday ishlar amalga oshirilmoqda?

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 2025-yil 21-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan majlisida investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri L. Qudratovga “O‘zbekistonning jahon bozorida raqobatbardoshligini oshirish, investitsiyalarni jalb etish hamda eksportni diversifikatsiya qilish va global savdo aloqalarini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida” Qonunchilik palatasining parlament so‘rovi yuborilgan edi.

Unda eksport yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilish, eksport hajmini oshirish, talab yuqori bo‘lgan mahsulotlarni ishlab chiqarishni takomillashtirish hamda investitsiyaviy muhitni yaxshilash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan asoslantirilgan tushuntirishlar berish so‘ralgandi.

Majlisda deputatlar mazkur parlament so‘roviga yuborilgan javobni ko‘rib chiqdilar.

Unda keltirilishicha, yurtimizning eksport salohiyatini oshirishda yuqori marjali bozorlarga chiqish va ularga bosqichma-bosqich eksport hajmini oshirib borish bo‘yicha barcha choralar ko‘rilmoqda. Xususan, mahalliy mahsulotlarning xorijiy mamlakatlar bozorlariga eksportini diversifikatsiya qilish va savdo tartibotlarini yengillashtirish maqsadida Turkiya va Pokiston bilan imtiyozli savdo bitimi imzolandi.

Ushbu Bitimlar doirasida Turkiyaga 12 turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, Pokiston bozoriga 17 turdagi mahalliy mahsulotlarni imtiyozli savdo tartibi asosida pasaytirilgan bojxona bojlari bilan eksport qilish imkoniyati yaratildi.

Shu bilan birga, 2024-yilda Yevropa Ittifoqining 6 ta davlati hamda Turkiyaga 32 ta charm, oziq-ovqat, meva-sabzavot va to‘qimachilik mahsulotlari eksportchi korxonalari ishtirokida biznes-missiyalar tashkil etilib, 64,6 mln. dollarlik mahsulotlar eksporti amalga oshirilgan.

Bundan tashqari, Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga O‘zbekiston tomonidan Yevropa Ittifoqining “Bosh preferensiyalar tizimi plyus” (“GSP+”) benefitsiari maqomi olingan. Bugungi kunda O‘zbekiston Buyuk Britaniyaning “GSP+” tizimi benefitsiari hisoblanadi.

Ushbu tizim doirasida qo‘llanadigan imtiyozlar doirasida 6200 dan ortiq tovar pozitsiyalari bo‘yicha mahalliy mahsulotlarni Yevropaning 27 ta mamlakati va Britaniya bozorlariga bojxona bojisiz eksport qilish imkoniyatiga ega. Hozirda mazkur imkoniyatlardan foydalanish ko‘lami kengaytirilmoqda.

Vazir javobida keltirilishicha, so‘nggi yillarda respublikaning mavjud imkoniyat va salohiyatdan samarali foydalanish orqali tovar va xizmatlar eksport hajmini sezilarli darajada oshirish bo‘yicha keng qamrovli chora-tadbirlar amalga oshirilyapti. Jumladan, xorijning nufuzli “RWC” kompaniyasini jalb qilgan holda “O‘zbekiston Respublikasining 2025 — 2030-yillarga mo‘ljallangan milliy eksport strategiyasi” ishlab chiqilmoqda. Unda jahon bozori tendensiyalaridan kelib chiqqan holda eksport tarkibida tayyor mahsulotlar ulushini 50 foizdan oshirish, yangi bozorlarni o‘zlashtirish, mahsulotlarni xorijda keng targ‘ib qilish va tashqi bozorlar standartlariga moslashtirish, eksportchilarni qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish kabi kompleks choralarni ko‘rish orqali 2030-yilda respublikaning eksport hajmini 45 mlrd. dollarga yetkazish nazarda tutilgan.

Shuningdek, milliy iqtisodiyotning eksport salohiyatini kuchaytirish va uning tarkibida qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ulushini oshirish maqsadida mahalliy mahsulotlarni ishlab chiqarish jarayonlarida xalqaro standartlarni joriy etish va korxonalarni sertifikatlashtirish choralari ko‘rildi. Natijada qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sanoati yo‘nalishida xalqaro standartlar joriy etilib, 2024-yil yakuni bilan ushbu sohada sertifikatlashtirilgan korxonalar soni 1 335 taga yetkazilgan.

Majlisda parlament so‘roviga javobda ko‘tarilgan masalalar bo‘yicha atroflicha ma’lumotlar taqdim etilgani qayd etilib, vazirning javobi ma’lumot uchun qabul qilindi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling