Valyuta kurslari 15/08/2025
$1 – 12581.97
UZS – 0,67%
€1 – 14698.26
UZS – 0,27%
₽1 – 157.75
UZS – 0,61%
Qidirish
Texnologiyalar 08/08/2025 Raqobat qo‘mitasining ko‘rsatmasi “UNITEL” MCHJ (Beeline) tomonidan bajarildi

Raqobat qo‘mitasining ko‘rsatmasi “UNITEL” MCHJ (Beeline) tomonidan bajarildi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Raqobat qo‘mitasi tomonidan telekommunikatsiya xizmatlari ko‘rsatishda isteʼmolchilar huquqlari va manfaatlarini taʼminlash, shartnoma hamda tarif rejalariga kamsituvchi shartlarni kiritmaslik, shuningdek, abonentlarning xabardorligini oshirishga qaratilgan tizimli tahlil va nazorat ishlari olib borilmoqda.

“Telekommunikatsiya xizmatlarini ko‘rsatish qoidalari”ga muvofiq, mobil xizmatlar tarifikatsiyasi abonent holatini yomonlashtirmasligi va isteʼmolchi manfaatlariga zid bo‘lmasligi lozim.

Qo‘mitaga kelib tushgan ko‘plab murojaatlar asosida o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida “UNITEL” MCHJ (Beeline) tomonidan taqdim etilayotgan aksariyat tarif rejalarida kunlik tarif joriy qilinganligi (oylik abonent to‘lovini yechish uchun hisobda mablag‘ yetarli bo‘lmaganda, avtomatik ravishda kunlik to‘lov yechish tizimiga ulanishi) va ushbu xizmatni mustaqil ravishda o‘chirish yoki faollashtirish imkoniyati mavjud emasligi aniqlandi. Bu esa, isteʼmolchilarning xabardorligisiz moddiy yo‘qotishlarga hamda eʼtirozlariga sabab bo‘layotgan edi.

Qo‘mita ko‘rsatmasiga asosan, kompaniya tomonidan “kunlik abonent to‘lovi rejimiga o‘tish” xizmatini boshqarish imkoniyati joriy etilib, bu haqda rasmiy saytda eʼlon qilindi hamda ushbu xizmat mavjud tarif rejalariga ulangan abonentlarga SMS xabarnoma yuborilib, xizmatni boshqarish usullari tushuntirildi.

Endilikda, abonentlar kunlik abonent to‘lovi yechish xizmatini: USSD kod orqali, Hambi mobil ilovasi, Kompaniyaning aloqa markazi.

Savdo ofislari orqali o‘chirishi yoki faollashtirishi mumkin.

Raqobat qo‘mitasi “UNITEL” MCHJ (Beeline) tomonidan isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish yuzasidan berilgan ko‘rsatmani bajarilganini hamda o‘z abonentlari uchun xizmatlardan qulay va moslashuvchan tarzda foydalanish imkoniyatlarini yaratayotganini eʼtirof etgan holda, isteʼmolchilarga xizmat ko‘rsatish shartlari bilan batafsil tanishib chiqish hamda o‘z huquq va majburiyatlariga rioya etishni tavsiya etadi.

Shuningdek, Qo‘mita bundan avval Ucell va Mobiuz aloqa operatorlari faoliyati bo‘yicha ham isteʼmolchilar manfaatlarini yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar ijro etilgani bo‘yicha maʼlumotlarni eʼlon qilgan edi.

Qo‘mita telekommunikatsiya sohasida isteʼmolchilar huquq va manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha nazorat va amaliy chora-tadbirlarni doimiy ravishda davom ettiradi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling