Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Biz yashayotgan davr insoniyatga yangi imkoniyatlar taqdim etibgina qolmay, jiddiy muammolarni ham o‘zi bilan birga olib kelmoqda. Axborot ishlab chiqarish va tarqatish tezligiga yetishish qiyin bo‘lgan asrimizda kommunikatsiyalar ekotizimi tub o‘zgarishlar jarayonini boshdan kechirmoqda.
Ammo bu o‘zgarish jarayoni faqat ijobiy rivojlanishni o‘z ichiga olmay, axloqiy, madaniy va insoniy sinovlarni ham birgalikda olib kelmoqda. Texnologiya tez rivojlanayotgan, bu murakkab va yangi davrda kundalik hayotning bir qismiga aylangan sun’iy intellekt va algoritmlar endi faqat vosita bo‘lib qolmay, kuch muvozanatini qayta belgilaydigan omilga ham aylandi. Haqiqat va yolg‘on o‘rtasidagi chegaralar kundan-kunga xiralashib borayotgan va insoniyat “haqiqat inqirozi” deb atash mumkin bo‘lgan noaniqliklar girdobi bilan kurashayotgan bir paytda, biz katta sinovlar bilan yuzlashyapmiz va bu muammolarni yengib o‘tishning yagona yo‘li samarali muloqot strategiyalarini ishlab chiqish ekanini yaxshi bilamiz.
Texnologiya bilan o‘zgarayotgan kommunikatsiya ekotizimining imkoniyatlari va xavf-xatarlarini jamiyat manfaatlari yo‘lida tahlil qilish va boshqarish bizning eng asosiy vazifamiz bo‘lishi lozim. Yuz berayotgan o‘zgarishlar jamiyatlarning muloqot sohasidagi odatlarini o‘zgartirib, raqamli ommaviy axborot vositalari hayotimizning muhim qismi sifatida ajralib chiqmoqda. Bu o‘zgarishning eng hayratlanarli jihati esa, sun’iy intellektning kommunikatsiya jarayonlaridagi ta’siri bilan namoyon bo‘lmoqda.
Sun’iy intellekt vositalari dunyoni va barcha sohalarni tezlik bilan o‘zgartirmoqda. Bugun sun’iy intellekt strategik kommunikatsiyada o‘yin qoidalarini o‘zgartiruvchi kuch sifatida oldimizda turibdi. Ma’lumotlarni tahlil qilish, kontent yaratish va inqirozlarni boshqarish kabi sohalarda taqdim etayotgan imkoniyatlari bir necha yil oldingina tasavvur qilib bo‘lmaydigan tezlik va samaradorlikni ta’minlamoqda. Yaqin yaqingacha faqat ilmiy-fantastik filmlardagina tasavvur qilingan g‘oyalarga bugun har bir inson osonlik bilan foydalanishi mumkin bo‘lgan darajaga yetdi. Ammo, afsuski, texnologiyaning bu ijobiy rivojlanishi noto‘g‘ri maqsadlarda qo‘llanilganda, raqamli qurolga aylanish ehtimolini keltirib chiqarmoqda. Deepfake texnologiyasi yordamida sun’iy intellekt asl kontentni soxta kontentdan ajratib bo‘lmas darajada o‘zgartirib, jamiyatlarning ishonchiga putur yetkazmoqda va haqiqat inqirozini chuqurlashtirmoqda. Bu esa dezinformatsiya, manipulyatsiya va axloqiy buzilishlarning halokatli natijalarini sezilarli darajada oshirmoqda. Algoritmlar nazorati ostidagi dunyoda, odamlarning faqat “aks-sado xonalari”da qamalib qolishiga, jamiyatning bo‘linishini kuchaytirib, haqiqat o‘rnini manipulyatsiya egallashiga olib kelmoqda. Bu holat, sun’iy intellektning axloqiy tamoyillar bilan boshqarilishi shartligini yana bir bor ko‘rsatmoqda. Sun’iy intellektning raqamli sohada qo‘llanilishi javobgarlik, shaffoflik va axloqiy tamoyillarni ham kun tartibiga olib chiqmoqda.
Yaqinda G‘azoda yuz bergan fojialar paytida barchamiz sun’iy intellekt yordamida dezinformatsiya xalqaro jamoatchilikni chalg‘itish uchun qanday qo‘llanilganiga guvoh bo‘ldik. Ijtimoiy tarmoqlardagi dezinformatsiya algoritmlar tomonidan tez tarqalib, to‘g‘ri ma’lumotlarga ega bo‘lishga to‘sqinlik qildi. Oqibatda yuz berayotgan voqealar va inson huquqlari buzilishlariga oid haqiqiy ma’lumotlarni ommaga yetkazish qiyinlashdi. Texnologik va raqamli imkoniyatlarning insoniyatga taqdim etayotgan katta foydalarini albatta inkor etib bo‘lmaydi. Xuddi, bu imkoniyatlarni g‘arazli maqsadlar uchun ishlatayotganlarning mavjudligi global xavfsizlik va barqarorlikka tahdid solayotgani haqiqatini inkor etib bo‘lmaydiganidek.
Biz Turkiya sifatida bu kabi halokatli ta’sirlarga qarshi strategik kommunikatsiya mexanizmlarimiz orqali noto‘g‘ri ma’lumotlarning oldini olish, haqiqatni himoya qilish va xalqaro jamoatchilikning to‘g‘ri ma’lumotga erishishini ta’minlash uchun jiddiy sa’y-harakatlarni amalga oshirmoqdamiz.
Raqamli tahdidlar bo‘yicha xabardorlikni oshirish va media savodxonligini rivojlantirish bugungi kunning turli xil xavflari bilan kurashishda bizning ustuvor vazifalarimizdan biri hisoblanadi. Keng ko‘lamli raqamli transformatsiyani boshqarish uchun global hamkorlikning ahamiyati kundan-kunga ko‘proq sezilmoqda. Turkiya sifatida haqiqat kurashida xalqaro hamkorlikni qo‘llab-quvvatlaydigan faoliyatlarimizni davom ettirmoqdamiz.
Hurmatli Prezidentimiz Rajab Toyyib Erdo‘g‘anning “Turkiya Asrining Maqsadlari” doirasida, hozirgi o‘zgarish davrida, Turkiya o‘laroq strategik bir yondashuvni ko‘rsatmoqdamiz. Texnologiyani insoniyatning xizmatiga taqdim etish, ijtimoiy foydani ustuvor qo‘yish va haqiqatni markazga olgan bir kommunikatsiya tushunchasini asosiy prinsip sifatida belgiladik. Bu yangi asrda strategik kommunikatsiyani – noaniqliklarni boshqarish va ishonchni ta’minlashning kaliti deb bilamiz. Turkiya sifatida, milliy va xalqaro miqyosda bu sohada samarali rol o‘ynayapmiz. Turkiya Prezidenti Adminstratsiyasiga bog‘liq Kommunikatsiya Boshqarmasi sifatida olib borayotgan dezinformatsiya bilan kurashish sa’y-harakatlarimiz, uzoq vaqt davomida haqiqat inqiroziga qarshi qat’iyat bilan faoliyatini yuritqmoda va shu doirada samarali yechimlar ishlab chiqmoqda. Mushkul ahvolni hal qiladigan kommunikatsiyani sun’iy intellekt bilan qo‘llab-quvvatlanadigan strategik kommunikatsiya jarayonlarining eng muhim amaliy sohalaridan biri deb hisoblaymiz. To‘g‘ri va aniq ma’lumotga tezkorlik bilan erishish va aholini samarali tarzda xabardor qilish, krizis paytlarida hayotni saqlab qolish uchun juda muhim rol o‘ynaydi.
Raqamli davrning o‘zgarish shamollarini yaqqol sezayotganimiz ushbu davrda, 2024-yil 13-14-dekabrda o‘tkaziladigan “STRATCOM: Xalqaro Strategik Kommunikatsiyalar Forumi” barcha imkoniyatlar va xavflarni global miqyosda chuqurroq muhokama qilinadigan yetakchi platforma hisoblanadi. Dunyoning turli joylaridan davlat sektori, ommaviy axborot vositalari, akademiya, fuqarolik jamiyati va xususiy sektor vakillarini bir joyga jamlagan Forum, strategik muloqot ekosistemasining kelajagiga yo‘l ko‘rsatuvchi fikrlarning uyg‘unlashgan markazi hisoblanadi. Biroq, STRATCOMni faqat Forum sifatida baholash to‘g‘ri emas. “STRATCOM: Xalqaro Strategik Kommunikatsiyalar Forumi” shu bilan birga raqamli davrning qiyinchiliklariga va haqiqat inqiroziga qarshi umumiy irodaning shakllanishiga imkon beradigan global bir da’vatdir. Ushbu global da’vatning ahamiyatini, sun’iy intellekt va strategik muloqotda yuz berayotgan inqiloblar bilan birga zimmamizga katta mas’uliyatlar ham yuklayotganini ko‘rmoqdamiz. Biz insoniyatning umumiy kelajagi uchun; haqiqat, vijdon va adolat tamoyillaridan voz kechmasdan harakat qilishimiz kerakligini anglab yetganmiz. Turkiya, ushbu tushunchadan kelib chiqqan holda faqat o‘z mintaqasida emas, balki global miqyosda ham namuna bo‘lishda davom etadi.
Prof. Dr. Fahrettin ALTUN
Turkiya Respublikasi Kommunikatsiya Boshqarmasi Boshlig‘i