Qozog‘istonlik elektrobus ishlab chiqaruvchi Farg‘ona viloyati bilan hamkorlik qilishni rejalashtirmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov Qozog‘istonning ekologik toza yo‘lovchi transportini ishlab chiqaruvchi yetakchi korxonalaridan biri — “Falcon Euro Bus” kompaniyasi rahbari Murat Adilxonovni qabul qildi.
Kompaniya asosan elektrobuslar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan bo‘lib, jahon bozorida hech qanday analogga ega bo‘lmagan, xavfsizlik, energiya samaradorligi va qulaylik bo‘yicha Yevropa standartlariga javob beradigan modellar taklif etmoqda.
Uchrashuvda barcha modellar zamonaviy boshqaruv tizimlari va aqlli monitoring funksiyalari bilan jihozlangani, shuningdek, ularni Markaziy Osiyo iqlim sharoitiga moslashtirish imkoniyati mavjudligi taʼkidlandi.
Olmaota shahrida joylashgan korxona yiliga 1000 tagacha elektrobus ishlab chiqarish quvvatiga ega. Kompaniya mahsulotlari hozirda Mongoliya, Saudiya Arabistoni, Qatar va Germaniya kabi qator davlatlarga eksportga chiqarilmoqda.
Muzokaralar davomida viloyat uchun elektrobus xarid qilish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi. Bu maqsadda mahalliy mutaxassislar Qozog‘istonga yuborilishi, muzokaralar davom ettirilishi maʼlum qilindi.
Uchrashuvda ikki tomonlama hamkorlik chora-tadbirlari kelishib olindi.